1 avgust kuni bo‘lib o‘tgan OTMlarga kirish imtihonlarida test sinovlari tartib qoidalarini buzganligi sababli 76 nafar abituriyent test sinovlaridan chetlashtirildi (hududga kirish joyida uyali telefon, shpargalkalar olib kirishga uringanligi uchun). Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov «Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Respublikadagi 15 ta oliy ta’lim muassasalarida test sinovlari bir vaqtda 8:00 dan boshlanib, 11:30 ga qadar to‘liq yakunlandi.

Test sinovlarida 15 ta oliy ta’lim muassasalarining 50 ta ta’lim yo‘nalishida 30 ming 690 nafar abituriyent ishtirok etdi.

Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra test sinovlarida 29 856 nafar abituriyent ishtirok etdi, 834 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra test sinovlariga kelmadi.

Bundan tashqari, Test sinovlarini o‘tkazishga ta’lim muassasalaridan 1681 nafar guruh nazoratchilari jalb etilishi belgilangan. Shundan, 35 nafari ishtirok etmadi.

Test natijalari Feldegerlik xizmati tomonidan maxfiyligi va daxlsizligini ta’minlagan holda Davlat test markaziga 2-cmena yakunlangandan so‘ng 18.30 dan qaytarish boshlanadi.

Toshkent shahrida test materiallari 1-smena tugashi bilan 12.00dan boshlab Davlat test markaziga qaytariladi.

Yetib kelgan test natijalari bo‘yicha darhol kompyuter yordamida qayta ishlash jarayoni boshlanadi.

Test natijalarini qayta ishlashda ishtirok etadigan xodimlar test sinovlaridan bir kun oldin tashqi dunyodan uzilgan holda natijalar e’lon qilingunga qadar Test markazida yashaydi (tashqariga chiqmasdan, telefon va boshqa aloqa vositalarisiz).

Tegishli xizmatlar tomonidan o‘rnatilgan tartibda jamoat va yong‘in xavfsizligi, test materiallarining maxfiy va dahlsizligi, binolar faoliyat tizimining uzluksiz ishlashi, tibbiy xizmat va inshootlarni qo‘riqlash to‘liq ta’minlandi.

Test sinovlari belgilangan reja asosida o‘tkazildi va o‘tkazish jarayonida hech qanday ko‘ngilsiz hodisalar ro‘y bermadi.