O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga muvofiq, Respublika Bosh prokurori va Ichki ishlar vazirining qo‘shma farmoyishiga asosan Ichki ishlar vaziri, general-mayor Po‘lat Bobojonov rahbarligidagi Ishchi guruh joriy yilning 23−26 iyul kunlari Qashqadaryo viloyatida ichki ishlar organlari oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosi ahvoli bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyatning barcha shahar va tuman ichki ishlar organlari hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlarida batafsil o‘rganish va tahlillar o‘tkazildi hamda ularning yakuni bo‘yicha har bir tarkibiy tuzilma va xodimlar faoliyatiga tanqidiy baho berildi.

O‘rganishlar davomida joylarda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor vazifalar ijrosi doirasida sektorlarda bajarilgan ishlar, har bir xodimning sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini to‘laqonli anglab yetganligi va ularni hayotga tatbiq etishdagi daxldorlik hissi, xizmat davomida fuqarolar bilan muomala madaniyatiga rioya etilishi ahvoli kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi, shahar va tumanlar kesimida shaxsiy tarkib bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, faoliyatning har bir sohaviy yo‘nalishlarida mavjud kamchilik va muammolar, ular kelib chiqishining tub sabablari aniqlandi.

Ichki ishlar vaziri Qarshi, Kitob, Kasbi, Qamashi, Nishon, Shahrisabz tumanlari hamda Qarshi va Shahrisabz shahar ichki ishlar bo‘limlari, ushbu shahar va tumanlardagi ichki ishlar organlari tayanch punktlari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi Qo‘riqlash, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida bo‘lib, ularda mavjud sharoitlar, shaxsiy tarkibning ma’naviy yetukligi va huquqiy savodxonligi, rahbar va xodimlarning xizmat vazifalari ijrosini tashkil etishning samaradorligi, tartib-intizomga rioya etish, aholidan kelib tushgan murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish ahvolini shaxsan o‘rgandi.

Ushbu hududlarning har birida vazir tomonidan rahbarlar va barcha xodimlar ishtirokida tanqidiy ruhda tezkor yig‘ilishlar o‘tkazilib, ishni tashkil etish ahvoliga baho berildi, faoliyatda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar atroflicha muhokama qilinib, ularni bartaraf etish, ayniqsa jinoyat va huquqbuzarliklar hamda fuqarolarning noroziligini keltirib chiqaruvchi har qanday holatlarning barvaqt oldini olish va aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha shaxsiy tarkibga aniq vazifalar yuklandi. O‘z xizmat burchiga loqaydlik bilan munosabatda bo‘layotgan, «xalq manfaatlariga xizmat qilish» tamoyiliga rioya etmayotgan xodimlarga nisbatan keskin choralar ko‘rildi.

Shahar va tumanlarda Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov hokimiyat vakillari, mahalla faollari va mehnat faxriylari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi. Suhbatlar jarayonida jamoatchilik vakillari mamlakatimizda aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash, turmush darajasini oshirish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar uchun Prezidentimiz Sh. Mirziyoyevga minnatdorchilik izhor qilib, joylardagi ichki ishlar organlari faoliyatiga doir o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.

Shuningdek, Qarshi shahrida xodimlar uchun uzoq muddatli imtiyozli kreditlar asosida qurib bitkazilgan 64 xonadonli ko‘pqavatli uy, shaharda joylashgan viloyat ichki ishlar boshqarmasi qoshidagi «Yulduzcha» nomli maktabgacha ta’lim muassasasi hamda xodimlarning sog‘ligini tiklash uchun zamon talablariga mos sharoitlar yaratish maqsadida qurilish ishlari amalga oshirilayotgan Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi «Mingchinor» dam olish maskani ko‘zdan kechirilib, mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.

To‘rt kun davom etgan sohaviy o‘rganishlarning yakuniy hisoboti sifatida 26 iyul kuni viloyat ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vaziri P. Bobojonov boshchiligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Bosh prokuratura, viloyat hokimligi va ichki ishlar organlari mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan davrida Qashqadaryo viloyatida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida bir qator ishlar amalga oshirilgani aytib o‘tildi. Ko‘rilgan kompleks choralar natijasida viloyat bo‘yicha umumiy jinoyatlar 1139 taga yoki 50,3 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 644 taga yoki 45 foizga kamayganligi qayd etildi. Qarshi shahrida «Ezgulik patruli», Shahrisabz shahrida «Xavfsiz turizm» faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, viloyat hududida jami 481 ta «Jamoatchilik nazorati maskanlari» tashkil etilgani va aholi gavjum bo‘ladigan 7 mingdan ziyod ob’ektlarga videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgani jinoyatchilikka qarshi kurashishda natijadorlikka erishishni ta’minlagani ta’kidlandi.

Shu bilan bir qatorda, ayrim shahar va tumanlarda tegishli chora-tadbirlar tizimli va maqsadli olib borilmayotganligi, profilaktika inspektorlari o‘z faoliyatini mahalla fuqarolar yig‘ini, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi bo‘linmalari va jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda tashkil etmayotganliklari oqibatida oila-turmush va qo‘ni-qo‘shnichilik doirasidagi jinoyatlar, ayniqsa, qotillik, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish kabi o‘ta og‘ir va og‘ir turdagi jinoyatlar hamon yuqoriligicha qolayotgani, viloyatda mavjud 730 ta mahallaning 61 foizida jinoyat sodir etilishiga, 138 tasida esa jinoyatlar oshishiga yo‘l qo‘yilganligi, hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar sektorlarda o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishi ta’minlanmay, tadbirlar manzilli o‘tkazilmayotganligi aholining haqli e’tirozlarini keltirib chiqarayotganligi, shaxsiy tarkib bilan bilim saviyasini oshirish, tarbiyaviy ishlar o‘tkazish masalalariga e’tibor qaratilmaganligi natijasida rahbarlar va xodimlar tomonidan xizmat intizomini buzish, xatto jinoyatlar sodir etish holatlari kelib chiqayotganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Majlisda ayrim ichki ishlar organlari xodimlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, tizimda bo‘layotgan o‘zgarishlar, xizmat faoliyatiga aloqador me’yoriy hujjatlarning tub mazmun-mohiyatini anglamay, eskicha uslub va dunyoqarash bilan xizmat olib borayotganligi qayd etilib, qator rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy ta’sir choralari ko‘rildi.

Shu jumladan, xizmat vazifasiga loqaydlik va sustkashlik bilan munosabatda bo‘lib, xizmatni samarali tashkil etish choralarini ko‘rmaganligi, qo‘l ostidagi xodimlar faoliyatini talab darajasida nazorat qilmagani oqibatida shaxsiy tarkib o‘rtasida tartib-intizom susayib ketishiga sababchi bo‘lganligi uchun Qarshi tumani IIB boshlig‘i J.Rajabov, Muborak tumani IIB boshlig‘i S.Sharipov, Koson va Qarshi tumanlari IIB boshliqlarining o‘rinbosarlari N.Qarshiyev va A.Aminov, Shahrisabz, G‘uzor va Dexqonobod tumanlari IIB boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari Q.Toshmurodov, A.Aliyev va N.Bozarov, Muborak va Chiroqchi tumanlari IIB boshliqlarining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosarlari T.Bahromov va J.Murodov, viloyat IIB YHXB boshlig‘ining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari F.Mirshatov, hamda Qamashi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi boshlig‘i X.Rizqulov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, kadrlar bilan ishlash sohasida shaxsiy tarkib bilan kasbiy tayyorgarlik va tarbiyaviy ishlarning tizimli va samarali tashkil etilishini ta’minlamaganligi uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari B.Tursunqulov hamda qo‘l ostidagi xodimlar faoliyatini yetarli nazorat qilmaganligi oqibatida ular tomonidan noo‘rin xatti-harakatlar sodir etilishi holatlariga yo‘l qo‘yganligi uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i E.Qurbonovga «hayfsan» intizomiy jazosi berildi.

Bundan tashqari, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyat qidiruv, tergov, kadrlar bilan ishlash xizmatlari xodimlariga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llanildi.

Yig‘ilish yakunida Ichki ishlar vaziri P. Bobojonov vazirlik akademiyasining professor-o‘qituvchilari hamda malakali amaliyotchi mutaxassislarini jalb etgan holda Qashqadaryo viloyati ichki ishlar organlari xodimlarining bilim saviyasi va kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan manzilli o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, barcha shaxsiy tarkibni qayta tayyorlash hamda fuqarolar bilan ishlashda muomala madaniyatining belgilangan tartib-qoidalariga rioya qilish, har bir holatga tezkor, xolisona va qonuniy yondashuvni ta’minlash, xodimlarning kundalik faoliyatini «xalq manfaatlariga xizmat qilish» tamoyili asosida tashkil etish, tizim sha’niga dog‘ tushiruvchi holatlarining oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish to‘g‘risida aniq topshiriqlar berdi.