Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov bilan «Belfarmprom» holding kompaniyasi bosh direktori Valeriy Shevchuk va Belarus Respublikasining nufuzli farmatsevt mutaxassislari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonda onkologik dori vositalari va gemodializ uchun buyumlar ishlab chiqarilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Dunyoda har yili 16 millionga yaqin birlamchi saraton holati aniqlanadi. Jumladan, O‘zbekistonda ham 100 mingdan ortiq bemor onkologik kasalliklar bo‘yicha hisobda turadi. Bunday bemorlarga samarali tibbiy yordam ko‘rsatishda zamonaviy tibbiy preparatlarning o‘rni beqiyos.

Sog‘liqni saqlash vazirligining «Belfarmprom» holding kompaniyasi bilan hamkorligi ana shunday dolzarb tibbiy-ijtimoiy masalalarni samarali hal etish, inson salomatligini asrash va tibbiyot rivoji yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Aytish joizki, «Belfarmprom» jahon farmatsevtika sanoatida yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lib, bugungi kunda mazkur holding kompaniya tarkibidagi korxonalar o‘z mahsulotini dunyoning o‘ttizdan ziyod davlatiga eksport qilmoqda. Endilikda mazkur kompaniya bilan hamkorlikda O‘zbekistonda onkologiyada qo‘llaniladigan zamonaviy tibbiy preparatlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qo‘shma korxona tashkil etishga kelishildi. O‘zaro muloqotlarda belaruslik mutaxassislar mamlakatimiz qimmatli tabiiy xomashyo bazasiga boyligi hamda tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgani xorijiy investorlar uchun juda katta qulaylik yaratishini ta’kidladilar.

Yana bir muhim loyiha — gemodializ buyumlari va sarflash materiallari ishlab chiqarish borasidagi kelishuv bo‘ldi. Gemodializ — buyrak vazifasini bajaruvchi davo muolajasi bo‘lib, buyrak xastaligiga chalingan bemorlar hayotini asrashda bu usul muhim rol o‘ynaydi. Bugungi kunda mamlakatimizda bu xizmat yo‘lga qo‘yilgan va zamon talabidan kelib chiqib takomillashtirilyapti.

Uchrashuvda shuningdek, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan ikki tomonlama shartnomalar imzolanishiga ham kelishib olindi.