O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 iyul kuni milliy kinosanoatni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatda kinematografiya sohasida yig‘ilib qolgan kamchiliklar, jumladan ishlab chiqilayotgan kino mahsulotlarining mafkuraviy-badiiy darajasining pastligi, ssenariynavislik, rejissyorlik va aktyorlik mahoratlarining yetarli darajada sifatli emasligi, davlat buyurtmasini berish yuzasidan shakllangan amaliyotning samarasiz ekani, kinoprokat tizimi va soliqqa tortish hamda boshqa muammolar qayd etib o‘tilgan.

Qaror bilan shunday tartib o‘rnatildiki, unga ko‘ra 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab, «O‘zbekkino» MA Badiiy kengashi tomonidan davlat buyurtmasi asosida suratga olinadigan kinomahsulotlarning yillik tematik rejasi yuzaga kelayotgan vaziyat, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, shuningdek, aholining mazmunli kinofilmlarga bo‘lgan real ehtiyojidan kelib chiqib shakllantiriladi.

Ishlab chiqariladigan badiiy filmlarni davlat buyurtmasi bo‘yicha ishlab chiqariladigan badiiy filmlarning yillik hajmiga nisbatan foizda janrlar bo‘yicha kvotalash tizimi joriy etiladi.

2019 yil 1 yanvardan boshlab, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, mamlakatdagi barcha kinoteatrlarda namoyish etiladigan mahalliy badiiy filmlar namoyishi hajmlarini — sutkada ikkitadan kam bo‘lmagan shu kabi to‘liq metrajli filmlar bilan, 2021 yil 1 yanvardan esa oylik ekran vaqtining 25 foizidan kam bo‘lmagan, bayram kunlari 40 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda kvotalash tizimi joriy etiladi.

Davlat buyurtmasi bo‘yicha ishlab chiqariladigan badiiy filmlarning smeta xarajatlarida ko‘rsatilgan mablag‘ning 10 foizi faqatgina ularning reklamasi va televideniye, radio va Internet tarmoqlaridagi piar-kompaniyasiga, shuningdek, tashqi reklamasini joylashtirish uchun foydalaniladi.

Davlat buyurtmasi bo‘yicha kino mahsulotlarini O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi teleradiokanallarda reklama qilish, milliy teleradiokompaniya telekanallarida namoyish qilishda «O‘zbekkino» MAning shaxsiy koni mahsulotlari uchun mualliflik va mulkiy huquqlariga rioya qilgan holda, imtiyozli shartlarda amalga oshiriladi.

Kinokompaniyalarning, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, davlat buyurtmasi bo‘yicha kino mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi ishtiroki faqat «O‘zbekkino» MA tomonidan qonun hujjatlariga asosan tashkil etiladigan tanlov asosida amalga oshiriladi.

«O‘zbekkino» MA Badiiy kengashi tarkibi prodyuserlar, adiblar, tarixchilar, kinooperatorlar, rejissyorlar, kinoprokatchilar, kinotanqidchilar, psixologlar, kinematografiya sohasidagi nodavlat tashkilotlar vakillari va boshqa mutaxassislardan shakllantiriladi va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda «O‘zbekkino» MA tomonidan tasdiqlanadi.

«O‘zbekkino» MA Badiiy kengashi tarkibiga, Kengash tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo‘lgan shaxslarning kirishiga va ularning tanlovda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

«O‘zbekkino» MA Badiiy kengashi tomonidan davlat buyurtmasi bo‘yicha kinomahsulotni ishlab chiqarish yuzasidan shartnomada belgilangan kinomahsulotlar ishlab chiqarishning har bir bosqichi yakunida, tayyor mahsulot, rejissyorlik ssenariysiga, xarajatlar smetasi parametrlariga, suratga olish jarayonining texnik va texnologik talablariga mosligini hamda boshqa talablarga rioya etilishi yuzasidan baholangandan so‘ng, ushbu kinomahsulot (uning qismlari) qabul qilinadi.

Qaror bilan «O‘zbekfilm» AJ «O‘zbekfilm» DUK etib qayta tashkil etilsa, «Hujjatli filmlar kinostudiyasi» DUK «Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi» davlat unitar korxonasi sifatida qayta nomlanadi. «O‘zbekkino» MAning hududiy bo‘linmalari negizida esa «Respublika kinoprokat markazi» DUK filiallar tashkil etiladi. «O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi» davlat muassasasi NNT sifatida qayta tashkil etiladi.

Hujjatda kinoindustriyani yanada takomillashtirish «Yo‘l xaritasi», «Uchta shahar» («Xalq diplomatiyasi shahri», «Etnoshahar» va «Kinoshahar» majmualari), «101» va «Qahramonlar» loyihalarini amalga oshirish «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

Har yili eng yaxshi mahalliy kino mahsulotlarini Kann, Berlin, Venetsiya, Rotterdam, Pusan, Moskva va boshqa mashhur xalqaro kinofestivallarda, shuningdek, jahonning yirik nufuzli kinobozorlarida namoyish etish rejalashtirilmoqda.

1 avgustdan boshlab «O‘zbekkino» Milliy agentligi markaziy apparatining xodimlariga ularning mehnatiga haq to‘lash oylik jamg‘armasining 100 foizi miqdorida shaxsiy ustama belgilandi.

Qarorda yil so‘ngiga qadar «Kinematografiya to‘g‘risida"gi qonunni ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, O‘zbekiston hududida xorijiy kinokompaniyalar tomonidan badiiy filmlarni kinoga, videoga tushurishdagi tartib-taomillar va talablarni yanada soddalashtirishga doir takliflar ishlab chiqiladi.