Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq:

2018 yil 1 avgustdan qoraytirilgan oynali yengil avtotransport vositalaridan pulli asosda foydalanishga ruxsat berildi;

oynalarni qoraytirish Ichki ishlar vazirligi huzuridagi «Innovatsiya loyihalari va aholiga servis xizmatlari ko‘rsatish markazi» DUK tomonidan amalga oshiriladi;

oynalarni qoraytirish uchun Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX)dan ruxsatnoma (1 yilga beriladi) olish kerak;

orqa oynani yorug‘lik o‘tkazuvchanlik besh foizdan kam bo‘lmagan (95 foizga qoraytirish), orqa yon oynalarni yorug‘lik o‘tkazuvchanlik 30 foizdan kam bo‘lmagan (70 foizga qoraytirish) darajada o‘zgartirish mumkin;

old oynaning tepa qismini 14 santimetrdan ko‘p bo‘lmagan va yorug‘lik o‘tkazuvchanlik 30 foizdan kam bo‘lmagan shaklda o‘zgartirish uchun ruxsatnoma shart emas;

xorijiy davlatlarning oynalari qoraytirilgan yengil avtotransport vositalarini O‘zbekistonga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun 15 AQSH dollari miqdorida yig‘im undiriladi.

Qoraytirishga ruxsatnoma berganlik uchun to‘lovlar:

jismoniy shaxslarga eng kam ish haqining 90 baravari (16 587 000 so‘m);

yuridik shaxslarga eng kam ish haqining 120 baravari (22 116 000 so‘m);

xorijiy davlatlar yuridik shaxslariga eng kam ish haqining 140 baravari (25 802 000 so‘m).