Indoneziyaning markaziy Jakarta va Palembang shaharlarida o‘tkaziladigan XV Osiyo o‘yinlarida bokschi Isroil Madrimov O‘zbekiston terma jamoasining bayroqdori bo‘ladi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

23 yoshli Isroil Madrimov Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari vitse chempioni, bir qator xalqaro turnirlar g‘olibi, shuningdek, Uzbek Tigers yarimprofessional klubining a’zosi sanaladi.

2014 yilda Koreyaning Inchxon shahrida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida dzyudochi Rishod Sobirov bayroqdor bo‘lgan edi.

O‘zbekiston terma jamoasi o‘sha musobaqada 44 medalni, jumladan, 9 ta oltin, 14 ta kumush va 21 ta bronzani qo‘lga kiritgan edi.

Har to‘rt yilda bir o‘tkaziladigan musobaqada 45 ta davlatdan kelgan 10500 nafar atlet sportning 40 turi bo‘yicha bahslarga kirishadi.