Moskvaning «Matrosskaya tishina» qamoqxonasida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi Ma’rufjon Shakarov bir oydan oshiqroq vaqtdan beri sud qaroridan norozilik sifatida ochlik e’lon qilgan.

2017 yil 13 dekabrda Ma’rufjon Shakarov (1996 y. t.) Moskvaning Preobrajenskiy tuman sudi tomonidan sotish maqsadida yirik miqdordagi giyohvandlik moddalarini o‘g‘irlash va saqlash aybi bo‘yicha 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, mamlakatning Rossiyadagi elchixonasi Ma’rufjon Shakarovga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatmoqda, jumladan Rossiya TIV va Moskva sud organlariga murojaatlar yuborilgan. Bosh prokuratura bilan ham shu yo‘nalishda ish olib borilmoqda.

Natijada 14 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Moskva shahar sudi Sud kollegiyasi appellyatsion qarori bilan Ma’rufjon Shakarovning harakatlari yirik miqdordagi giyohvandlik moddalarini sotish maqsadisiz saqlash etib qayta malakalandi. Shuningdek, 10 yil ozodlikdan mahrum etish jazo chorasi 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etishga o‘zgartirildi.

14 iyul kuni O‘zbekiston elchixonasi konsullik bo‘limi xodimining qamoqxona rahbariyati bilan suhbatidan ma’lum bo‘ldiki, Shakarov ochlik e’lon qilgani sababli bir kishilik kameraga o‘tkazilib, kunu tun videokuzatuv ostida saqlanmoqda.

Jazoni ijro etish muassasasi rahbariyati u bilan suhbat o‘tkazgan, shifokor sudlanuvchini ko‘rikdan o‘tkazmoqda.

Yaqin vaqtlarda Shakarov onasi va xolasi bilan uchrashishi mumkin.