O‘tgan yilning iyunidan Samarqand viloyati hokimi lavozimida ishlagan Turobjon Jo‘rayev mansab vakolatini suiiste’mol qilish va jinoiy harakatlarni amalga oshirganligi uchun vazifasidan ozod qilingan, deya xabar qildi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturi.

«U o‘z manfaatlari uchun butun boshli vertikal poraxo‘rlik tizimini yaratib, mahalliychilikka yo‘l qo‘ygan, ta’magirlik yo‘li bilan pul mablag‘larini o‘zlashtirgan», — deyiladi dasturda.

Jinoyat ishida Samarqand viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiya va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘tkir Abdullayev, qurilish bo‘yicha mutaxassis Bahodir Xojaqulov va hokim yordamchisi Botir Xojaqulov ham hibsga olingan.

Dasturda qayd etilishicha, hokimiyatda ko‘p kvartirali uylarni qurishga ruxsat berish va tadbirkorlarga turar joy ob’ektlar qurilishi uchun yer maydonlarini ajratishda pora tizimi amalda bo‘lgan.

Tergov ishlari olib borilmoqda, ayblanuvchilar hibsga olingan.

Joriy yilning olti oyi davomida 867 nafar mansabdor shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, 56 ta holatda poraxo‘rlik holati qayd etilgan.

Video