Joriy yilning mart oyidan boshlab professional boks janglarida qatnashib kelayotgan o‘zbekistonlik bokschi Shahram G‘iyosov o‘zining navbatdagi jangini 14 iyul kuni meksikalik Daniel Echcheveriaga qarshi o‘tkazadi. Bu haqda sportchi o‘zining Feysbukdagi sahifasida yozib qoldirdi.

Shahramning yozishicha, mazkur jang Los-Anjelesdagi Florentine Gardens Hollywood sport saroyida bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, mazkur jangni O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Shahram G‘iyosov 3 mart kuni o‘zining ilk jangida argentinalik Nikolas Velaskesni 8-sekunddayoq nokautga uchratgan bo‘lsa, 21 aprel kuni vengriyalik Gabor Gorbichni ochkolar bo‘yicha mag‘lub etgandi.