Qattaqo‘rg‘on IIB tezkor vakili San’at Umarovning fuqaro N.T.ni shahar IIB binosida haqorat qilib, yechintirishga majbur qilgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda juda keng muhokama qilinmoqda. Biz ularning ba’zilarini e’tiboringizga havola etamiz.

Rasul Kusherbayev, Oliy Majlis deputati: «Ular o‘g‘ri deb gumon qilingan ayolni emas, butun boshli millatni, xalqni, davlatni yechintiribdilar. Qonunlarimizni, orimizni, erkak degan nomimizni oyoqosti qilibdilar… Hayf, hayf, hayf».

Davronbek Tojialiyev: «Muammoning sababi ham, yechimi ham erkakda, uning diyonatida. Afsus, o‘z ayoliga ega chiqolmagan, o‘zga ayolning nomusidan qo‘rqmaydigan (millat) erkak bir kun boshqalarga qul bo‘lishga mahkumdir. Bizni buyuklar safiga kiritgan tarixda ayol hech qachon bu qadar xo‘rlatilmagan. Buyuklarimiz ayolning (ayniqsa, o‘ziga begona ayolning) daxlsizligini, izzatini joyiga qo‘yganlar».

Farhod Tolipov: «Ayolni xo‘rlagan militsiya xodimi bilan bog‘liq tergov jarayonlarini oshkora tarzda olib borish va imkon qadar tezlashtirish kerak. Aks holda turli farazlar, taxminlar va gipotezalar urchib ketadi. Bu esa bora-bora jamoatchilikning fikrini chalg‘itishi va aybdor yengil jazo bilan qutilib ketishi mumkin».

Sanjar Nazar: «Xullas, men tahqirlangan ayoldan ko‘ra ko‘proq tergovchiga achindim. Ha, unga achinishimiz kerak. Chunki u bechora onadan shunday g‘ayriodam bo‘lib tug‘ilmagan. Uni tizim, tuzum va jamiyat shunday maxluqqa aylantirgan. Biz tarbiyalab olganmiz «pornochi San’at melisa"larni. O‘zimizning befarqligimiz, qo‘rqoqligimiz, erksizlik va haqsizlikka roziligimiz bilan yaratganmiz.

Menimcha, nafratimizni «pornochi San’at melisa"larni yetishtirib bergan tizimga, jamiyatga (bu jamiyat men va sizdan tashkil topganligini unutmang!) yo‘naltirishimiz to‘g‘riroq bo‘ladi. Kattaqo‘rg‘onlik San’atni ko‘pchilik taklif qilayotgandek qoziqqa o‘tqazish bilan To‘raqo‘rg‘ondagi, Xonqadagi, Yakkasaroydagi, Qo‘qondagi, Denovdagi «Can’atlar"ni biroz qo‘rqitib qo‘yarmiz balki, ammo qulay sharoit tug‘ilishi bilanoq, biroz boshqa qiyofalarda ular bo‘y ko‘rsataverishadi. Toki jamiyatni, ta’lim, sud, huquq, inson huquqlari himoyasi tizimini isloh qilmagunimizcha, toki o‘zimizni isloh qilmagunimizcha, toki «zulmatlardan nurga» eltuvchi yo‘lga o‘tmagunimizcha…

P. S. Voqealarning keyingi rivoji — xo‘rlangan ayolning hech qanday da’vosi yo‘q ekanligi gap bir melisaning «porno-porno» o‘ynagisi kelganida emasligini yanayam teranroq ochib tashladi. Bizni tubdan isloh qilish kerak!

P. P. S. O‘zimga achinib ketyapman".

Dilshod Nurulloh: «Yer yuzidagi har qaysi jamiyatning madaniy darajasi uning ayollarga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi». Bu so‘zlar mamlakat rahbarining yaqindagina xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlangan uchrashuvdagi nutqida yangragan edi.

Davlat bergan formaga nomunosib o‘sha nusxaga (uzr, odam deyishga qo‘lim bormadi) ham «rahmat». Ijtimoiy tarmoqlarni portlatgan «yechintirish operatsiyasi» fonida bugungi madaniy darajamizni bilib oldik. Ahvolimiz yig‘lagudek. Uyat. Ayniqsa, xorij OAVsi yuzimizga ko‘zgu tutgani juda ayanchli!

Endi nima qilmoq kerak? Odamlar, xususan ijtimoiy tarmoq, Feysbukdagi yirik virtual guruhlar foydalanuvchilari jazavada. Postlarni, izohlarni o‘qib ko‘ring. Ular haligi nomussiz «huquq himoyachisi"dan emas, ko‘proq bu holatni chetdan kuzatib o‘tirgan mansabdorlarning, «kottakonlar"ning sukutidan norizo bo‘lishmoqda. Bunga asosli sabablar bor.

Birinchidan, zamonaviy xorij matbuotida amaldorlarning «virtual harakatsizligi» katta tanqid ostiga olinadi. Chunki, AQSH yoki Rossiyada kimningdir mushugi oftob urib o‘lsa ham, jurnalistlar «Ozodlik» yoki «BBS"dan emas, eng avvalo Lavrov yoki Kerrining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasidan ma’lumot izlaydi. To‘g‘rida, odamlarga ismi sir qolishini istaydigan qaysidir noma’lum manbadan ko‘ra, davlat mulozimlarining munosabati muhim.

Ikkinchidan, ommani junbushga keltirgan muayyan hodisa yuzasidan rasmiylar izohi — davlatning o‘sha voqeaga nisbatan pozitsiyasi sifatida qaraladi. Va bu hol odamlarni tizimga, uning shaffofligiga, hukumat xalq fikri bilan hisoblashib ish ko‘rishiga ishonchini oshiradi. Olomon hovuridan tushadi.

O‘zbekiston Prezidenti Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga Murojaatnomasida deputatlarga, siyosiy partiya rahbarlari hamda yetakchilariga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlariga ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasini ochishi haqida ko‘rsatma berganida ham katta ehtimol bilan «virtual boshqaruv mexanizmi"ni shakllantirishni nazarda tutgan edi.

Xo‘sh, qani o‘sha mexanizm? Nega ishlamayaptii? Nechta deputat yoki vazir ijtimoiy tarmoqda o‘z akkauntiga ega bo‘ldi? Davlat ustunlaridan biri bo‘lgan ichki ishlar tizimi xodimining bir zaifani ochiqchasiga, hech kimdan hayiqmay xo‘rlashi kichkina hodisa emas. Ammo, ijtimoiy tarmoqlardagi millionlab o‘zbekistonlik foydalanuvchilarining reaksiyasi orasida rasmiylar ulushi qanchani tashkil etdi? Nollar ham xijolat-a!

Qani ichki ishlar vaziri? Xotin-qizlar qo‘mitasi raisichi? (Mazkur post Tanzila Narbayevaning murojaatnomas e’lon qilinishidan oldinroq yozilgan — tahririyat) Inson huquqlari milliy markazi rahbarlari xoda yutganmi? O‘z nizomiga jimjimador qilib «partiyaning asosiy maqsadi — kuchli adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish hamda fuqarolarning qonun oldida tengligi, birdamligi, konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari ta’minlangan ma’naviy jipslashgan jamiyatni shakllantirish» deb yozib qo‘ygan «Adolat» partiyasi yetakchilari, deputatlar nega jim?!Xullas, savollar bisyor.

Vaziyatni qo‘lga oling! Odamlarni tinchlantiring! Qonunsizlarga qonunning kuchini ko‘rsating! Bilsangiz, mamlakatda yuz berayotgan islohotlar qog‘ozda emas, amalda bo‘layotgani, O‘zbekistonda inson manfaatlari har narsadan ustun ekanini isbotlashning hozir eng qulay payti! Endi esa mikrafon sizga, janoblar!"

G‘ayrat Yo‘ldosh: «Ichki ishlar xodimlari o‘tgan 26 yilda oddiy xalqdan shunchalik uzoqlashdilar va shunchalik ishonchni yo‘qotdilarki, oxirgi yillarga kelib xalq formali xodimni ko‘rsa o‘zini bexavotir sezish o‘rniga o‘zini noqulay sezib ulardan xavfsiraydigan bo‘lib qoldi.

Endi holat shundayki IIV vaziri va prezident ichki ishlar tizimini mutlaqo tozalashi kerak. Chunki bu tizimda hanuzgacha vijdonsiz va nopok kimsalar ishlamoqdalar. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ichki ishlar xodimlari tomonidan ayol kishini yechintirilishi aks etgan video buni tasdiqlaydi.

Umid qilamiz, IIV vaziri va prokuratura o‘sha jirkanch jinoyatni sodir etgan xodimga tegishli jazoni beradi.

Men o‘sha xodimning eng og‘ir jazo olishii xohlayman. Sababi yurt rahbari BMT ning minbarida O‘zb.da inson huquqlarini ta’minlashni yaxshilayman deb turganida u xodimning insonni, ayolni tahqirlashi bu vatanga xiyonatdan boshqa narsa emas. Vatanga xiyonat qilganlar esa doim oliy jazoga tortilgan".

Laylo Rustamova: «Nazarimda mamlakatimiz xotin-qizlari vakili nomidan bildirilgan bu munosabat IIV xodimlarini tomonini olish maqsadida bildirilgan! Hech qanday ayol haq-huquqini poymol qilganga nisbatan nafratni his qilmadim!!!»

Abdug‘afur Iskandar: «Ikki yil oldin bu ishni qilsalar, bunchalik o‘kinmas edik. Ammo bugun — xalq bilan davlat birlashayotgan, prezident jiddiy islohotlar olib borayotgan, xalqning ustidan zulm va yolg‘on ko‘tarilayotgan kunda bunday razolatning sodir etilishi xalqqa, davlatga, prezidentga xiyonatdan boshqa narsa emas. Shu paytgacha vakolatlaridan istaganlaricha foydalanishdi. Endi yetar!»

Sanjar Nazar: «Har birimiz o‘zimizni qip-yalong‘och etib xo‘rlangandek his qilmas ekanmiz, bu davom etaveradi. Bizning rozilimiz ostida davom etadi».

Obidjon Latipov: «Do‘stlar, Samarqandda biz aysbergning uchini ko‘rdik xolos».