Toshkent viloyatining «Tuyabo‘g‘iz» suv ombori qoshida kichik GES qurilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar qildi. Umumiy qiymati 16,33 million dollarga teng GES «To‘polang — HPD energy systems» kompaniyasi tomonidan barpo etilmoqda.

Iyun oyi avvalida boshlangan qurilish ishlarida 200 nafardan ortiq quruvchi va ishchi mehnat qilmoqda. Hozirgacha GESda 61 ming m3 yer ishlari, 6,2 ming m3 beton ishlari amalga oshirilib, 362,7 tonna metal konsruksiyalar montaj qilindi.

Xabarda qayd etilishicha, O‘zbekistonda gidroenergetika salohiyatining atigi 6,5 milliard kilovatt/soati yoki 23,7 foizi o‘zlashtirilgan, xolos.

Shu bois ham yirik, o‘rta va mikro gidroelektorstansiyalarni loyihalashtirish, yangi gidroelekrostansiyalar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Tuyabo‘g‘iz suv ombori qoshida kichik GES, Katta Farg‘ona kanalida kichik GESlar kaskadi qurilishi, Ohangaron daryosida Qamchiq kichik GES qurilishi, To‘polang daryosida Zarchob kichik GESlar kaskadi qurish shular jumlasidan.