Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov seshanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida muammoli masalalar va vaziyatni o‘nglash bo‘yicha rejalar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Vazirlikning asosiy maqsadi

«Istalgan vazirlik, korxonaning asosiy missiyasi nimadan iborat, degan savol tug‘iladi. Biz ham birinchi kelganimizda bu yerda ishlab kelayotgan barcha xodimlarga shu savolni berishga harakat qildik. Ya’ni, Xalq ta’limi vazirligining asosiy maqsadi nima? Lekin bu savolga javob topish qiyin bo‘ldi. Bu yerda hamma hamma narsa bilan shug‘ullanadi, kuniga 24 soat, shanba-yakshanba kunlari ham hamma nima bilandir band. Ammo vazirlikning asosiy vazifasi nimalardan iborat, degan savolga javob berish qiyin. Mening fikrimcha, vazirlikning asosiy vazifasi yuqori malakali va har tomonlama barkamol avlodni yetishtirishdan iborat. Shuni asosiy maqsad deb belgilab oladigan bo‘lsak, unga erishtirmaydigan vazifalarni kesib tashlashimiz kerak».
«O‘z faoliyatimizda uch tamoyilni belgilab olishga harakat qildik: sifat, adolat va shaffoflik. Mana shu uch tamoyilga rioya qilsak, oldimizga qo‘ygan vazifalarga erishishimizga imkoniyat bo‘ladi».

O‘qituvchi va ziyolilar obro‘sini oshirish

«Birinchi kundan odamlardan mavjud muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha takliflarni olishga harakat qildik. Bundan oldin ham boshqa joylarda shunga o‘xshash savollar berib ko‘rilgan, lekin uch kun ichida 3700 dan ortiq takliflar kelib tushgani meni hayratlantirdi. O‘zbekistonda yashayotgan har bir odamning maktabga bog‘liq tomoni bor, boshqa sohalarda bo‘lmasligi mumkin, lekin aynan maktabga hammaning ishi tushadi, hamma farzandining kelajagini o‘ylaydi».
«Afsuski, oxirgi vaqtlar biz ikki masalaga duch kelib qoldik. Birinchisi — o‘qituvchining jamiyatdagi obro‘si. Ikkinchisi — jamiyatda ziyoli insonlarning obro‘sini oshirish».
«Ustoz — otangdek ulug‘», degan gap bor. Lekin joylarda ba’zi rahbarlar shuni tushunmasdan, suiiste’mol qilib kelmoqda. Ustozning hurmati bo‘lmagandan keyin ortiqcha ishlarga jalb qilinsa, qo‘pol gapirilsa, unga do‘q qilinsa, ertaga undan ta’lim sifatini qanday qilib so‘rasa, kutsa bo‘ladi?"

O‘qituvchining haqiqiy ishi haqida

«O‘qituvchi yuqori malakali barkamol avlodni tarbiyalash o‘rniga kuni bo‘yi qog‘ozbozlik, ortiqcha majburiy mehnat bilan band. O‘qituvchi qog‘ozbozlik uchun o‘rtacha to‘rt soat vaqtini sarflar ekan. Agarda buni hamma o‘qituvchiga umumlashtiradigan bo‘lsak, o‘qituvchi qog‘ozbozlik bilan shug‘ullangani uchun 1,8 trln so‘mdan oshiq pul to‘lashimiz kerak ekan. O‘qituvchi shu vaqtini qog‘ozlikka ishlatmasa, o‘z ustida ishlashi, darsga sifatliroq tayyorlanishi yoki qo‘shimcha dars berib, oilasiga qo‘shimcha pul topishi mumkin bo‘lardi».

Ota-onalarning o‘qituvchiga munosabati

«Maktabda o‘qigan vaqtlarimizda ota-onalarning o‘qituvchiga do‘q qilganini eslolmaymiz. Hozir esa bunday holat tez-tez sodir bo‘lmoqda. O‘qituvchilarning salbiy imidji shakllandi, buni o‘zgartirishimiz kerak».

«Avvallari odamlar ziyoli bo‘lishga intilgan»

«Maktablarda to‘polonchi bolalar yaxshi o‘qiydiganlarni «botanik», «patriot» deb ustidan kulardi. Biroq hozir vaqt o‘zgardi va o‘sha «botanik"lar Kremniy vodiysida milliarderlarga aylanishdi. Agarda biz bunday odamlarni hurmat qilsak, bizda ham shunday mutaxassislar paydo bo‘ladi. Biroq o‘qimagan odamlar o‘qiganlarga qaraganda obro‘liroq bo‘lsa, mamlakatimiz hech qachon oldinga siljiy olmaydi».

Savodxonlik darajasining pasayishi

«Qarang, biz qanday holatga yetib keldik. Ko‘chalardagi e’lon va reklamalarga nazar tashlaymiz. O‘zbek va rus tillarida juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yilgan. Aholimizning 99,99 foizi savodxon deb aytamiz, biroq bu raqamlar qanchalik to‘g‘ri? Xorijga, masalan Rossiyaga otlanayotgan fuqarolarimiz rus tilini qanchalik biladi? Aholining bor-yo‘g‘i 9 foizini qamrab olgan oliy ta’limda ham muammolar mavjud. O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgan vaqtdan buyon, aholi katta sur’atlarda o‘sganiga qaramasdan, OTMlarga qabul kvotasini bir xil darajada saqlab kelmoqda».

«Toza varaqdan»

«Juda ko‘p ish qilingan, lekin vazirlikning asosiy maqsadiga erishishda ular yordam berdimi? Agarda tahlil qilinsa, yo‘q. Vazirlik rahbariyati o‘zgardi, prezident barcha boshqarma va bo‘lim boshliqlarini bo‘shatish, ishni „toza varaqdan boshlash“ vazifasini topshirdi. Ha, ehtimol, ayrim muammolar yuzaga chiqar, biroq busiz ijobiy o‘zgarishlarga erishib bo‘lmaydi».

«Eng muhim vazirlik»

«Avvallari vazirlikda vaziyatga ta’sir ko‘rsatish uchun dastaklar bilan bog‘liq muammolar bor edi, biroq prezident XTVga barcha imkoniyatlar berilishini aytdi. O‘ylaymanki, shundan so‘ng biz xodimlarimizni to‘laqonli himoya qila olamiz».

To‘lib-toshgan maktablar

«Bu juda murakkab masala va u faqatgina yangi maktablar qurilishi bilan bog‘liq emas. Masalan, so‘nggi vaqtlarda rus tilida ta’lim beriladigan maktablarga talab oshdi. Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent davlat pedagogika universiteti bir necha yillar avval rus maktablari uchun boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashni to‘xtatib, kvotalarni bekor qilgan. Bu kompleks muammo. Ko‘plar o‘ylaydiki, ta’lim rus tilida beriladigan maktablarda o‘qitish sifati yaxshiroq va bu to‘g‘ri».

Pul yig‘ishlar

Illyustratsiya: fb.com/Raisbuva.uz / Adliya vazirligi.
«O‘qituvchilar va o‘quvchilar o‘rtasida pul munosabatlari bo‘lmasligi kerak. Biroq bozor iqtisodiyotiga to‘laqonli o‘tishga harakat qilish kerak. Maktablarga ajratilayotgan pul qanchalik to‘g‘ri maqsadlarga ishlatilayapti? Mana shu holatni ham tahlil qilishimiz kerak. Prezidentimiz tomonidan ham mazkur masala tanqidiy qarab chiqildi. Butun moliya tizimini qayta ko‘rib chiqib, uni vazirlik va kompleks rahbariyati [Vazirlar Mahkamasi, bosh vazir o‘rinbosari] boshqarsin, degan topshiriq bo‘ldi.
Shu paytgacha umumiy byudjetdan juda ko‘p pul ajratilgan, lekin u pullar qayerga ketdi, degan savolga javob yo‘q. Agarda biz adolat va shaffoflik tamoyilini ta’minlab bera olsak, ota-onalar kengashi mablag‘lari to‘g‘ri va maqsadli sarflanadi».
«O‘qituvchi bilan o‘quvchi o‘rtasida pul munosabati bo‘lsa, o‘qituvchining obro‘si va unga bo‘lgan e’tibor yo‘qoladi, adolat tamoyili buziladi. Ikki kun ichida o‘tkazilgan tahlillarimiz jarayonida shunday maktablarni aniqladikki, ularda o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi pul munosabatlariga barham berilgan. Ota-onalar bilan shartnoma tuzilib, pullar kassa orqali maktabning byudjetdan tashqari jamg‘armasiga tushiriladi. Ushbu mablag‘lar ota-onalar kengashi bilan kelishilgan holda yangiliklarga sarflanadi. Masalan, shunday maktablar bor, maktab hisobidan markazlashgan ravishda bolaga yaxshi ovqat qilib berish maqsadida qo‘shimcha ovqatlanishni joriy etgan. Maktabga ajratilayotgan mablag‘larning sarflanishida shaffoflik bo‘lsa, e’tirozlar yuzaga kelmaydi».

Boshqaruv tizimining markazlashganligi

«Tizimda to‘laqonli samarali ishlaydigan boshqaruv tizimi shakllandi, deyish qiyin. Agar boshqaruv tizimi to‘liq ishlaganida, hozir bu ahvolga kelmagan bo‘lardi. Bunga sabablar ko‘p. Boshqaruv tizimi juda markazlashgan. Har bir narsani tepadagi rahbariyatdan so‘rab hal qilishga to‘g‘ri kelib qolgan. Shuni imkon darajasida markazdan egalariga berishimiz kerak. Bizning eng asosiy bo‘g‘inimiz — maktablar. Juda ko‘p narsa maktab direktoriga bog‘liq. Ayrim direktorlar qo‘shimcha to‘garaklar ochadi, qo‘shimcha daromad keltiradi, lekin ularni sarflash uchun XTBdan ruxsat so‘rashi kerak. XTBda o‘tirgan xodim direktor bilan yaxshi munosabatda bo‘lsa ruxsat beradi, bo‘lmasa yo‘q. Nega u o‘zi topgan pulni o‘zi ishlatmasligi kerak? Hozir birinchi qilayotgan ishimiz boshqaruv tizimini qayta ko‘rib chiqishimiz kerak. Boshqaruv tizimi to‘g‘ri ishlaydigan bo‘lishi kerak. Eng keraklisi — yaxshi jamoa tuzilishi lozim».

Maktab formasi — asosiy muammo emas

«Ijtimoiy tarmoqlarda yagona maktab formasi muhokamalarini o‘qidim. Ro‘mol, hijob va boshqa masalalar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan qilinayotgan ish, degan tushunchalar bo‘layapti. Shaxsiy fikrimcha, Konstitutsiyamiz, qonunlarimiz bor. Hamma narsa ana shu qonunlarda belgilangan erkinliklar va huquqlar asosida qilinishi kerak. Odamlarning huquqlarini hal qilish birgina vazirlik qo‘lidagi masala emas. Uni tegishli parlament, saylangan deputatlarimiz bor, agarda qonun chiqaruvchi organ qandaydir to‘g‘ri yo‘lni belgilab beradigan bo‘lsa, ijro etuvchi hokimiyat, shu jumladan vazirligimiz uni ijro etadi. Shuning uchun uni boshqa yo‘nalishda olib ketish noto‘g‘ri. Ushbu tartiblarni ishlab chiqishda biz, yangi jamoa ishtirok etmaganmiz. Juda ko‘p e’tibor maktab formasiga ketib qoldi. Asosiy maqsadimiz esa — ta’lim sifati. Ikkinchi darajali masalalarga chalg‘imasligimiz kerak».

Maktab direktorini tanlash

«Biz barcha takliflarni va xalqaro tajribani — Finlyandiya, Singapur, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganayapmiz. Bundan tashqari, konsalting kompaniyasi tadqiqotlari bor. Biroq hozircha buni qanday shaklda tashkil etishimiz bo‘yicha qaror qabul qilingani yo‘q. Bu masala ko‘rib chiqiladi. Ta’lim — konservativ soha. Sohada sinov o‘tkazishdan avval yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak, bir necha yildan so‘ng kelgusi avlod uchun salbiy oqibatlarni keltirib chiqarashi mumkin. Bu yerda populizmga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi».

Reydlar, reydlar, reydlar

«Bugun o‘qituvchi ishiga aralashadigan odamlar juda ko‘p. O‘tgan yil davomida maktablarni 207 ming marta tekshirishibdi. Bizda 10 mingtadan kamroq maktab bor. Maktab direktori o‘rtacha har kuni qaysidir tekshiruvchi bilan band bo‘lishi kerak. Keling, o‘qituvchilarni hurmat qilaylik, ularning ishlariga aralashmaylik, ta’lim jarayonini uzib qo‘ymaylik. Yaponiyada hech kim o‘qituvchi darsini bo‘lishga haqqi yo‘q».

Maktablarga sarmoya kiritish

«Odamlarimiz qayerga sarmoya kiritayapti? Asosan to‘yxonalar yoki dorixonalarga. Chet elliklar „Doriksona“ (Dorixona) nima va nega hamma yoqda shu brend, deb so‘rashdi. Biz investorlar ta’lim tizimiga ulush qo‘shishi uchun ularga sharoitlar yaratishimiz kerak».

Sherzod Shermatov maktablarning XTV boshqaruviga o‘tishi, pedagogik oliygohlarining sirtqi bo‘limlaridagi poraxo‘rliklarga chek qo‘yilishi, o‘qituvchilar jamg‘armasi tashkil etilishi va o‘qituvchilar adolat bilan taqdirlanishi, fuqarolar takliflari va murojaatlarini o‘rganish uchun ishlaydigan call-markaz tashkil etilishi (hozira XTVning 1006 ishonch raqamiga «yarimta odam» javob beradi), ota-onalar kengashlari vazifalari qayta ko‘rib chiqilishi va «yopiq» bulling mavzusini ochiq muhokama qilish lozimligi to‘g‘risida ham so‘zlab o‘tdi.