Shayx Abdulaziz Mansur Toshkentning yangi bosh imom-xatibi bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar qildi.

U 2006 yildan buyon egallab kelayotgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari lavozimini saqlagan holda bir vaqtning o‘zida «Minor» masjidi imom-xatibi sifatida ham faoliyat ko‘rsatadi.

Bu haqdagi qaror seshanba kuni Shayx Zayniddin masjidida bo‘lib o‘tgan Toshkent imomlari yig‘ilishida qabul qilindi.

Ziyouz ma’lumotlariga ko‘ra, shayx Abdulaziz Mansur (1944 y. t.) — 1975−79 yillari Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliy ma’hadida tahsil olgan. Oliy ma’hadni bitirgach, «Sovet Sharqi musulmonlari» jurnali tahririyatida mas’ul kotib lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

1980−81-yillari Sudan Respublikasi Islom universitetida tahsilni davom ettirdi. 1982−2006 yillari diniy idora Fatvo bo‘limi mudiri, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim, «Movarounnahr» nashriyoti mudiri, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi, Toshkent Islom universiteti prorektori kabi mas’ul lavozimlarda xizmat qildi.

Shayx Abdulaziz Mansur amalga oshirgan «Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri» qayta-qayta nashr qilindi. Ustoz «Sahihi Buxoriy"ni tarjima va sharh qilib, ikki jildda nashr ettirgan. Shayx Abdulaziz Mansur O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida tuzilgan diniy adabiyotlar nashri bo‘yicha maxsus hay’at raisidir.

Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi, Musulmon olimlari oliy hay’ati a’zosi. Ko‘plab maqolalar, kitoblar muallifi.

Toshkentning avvalgi imom-xatibi Anvar qori Tursunov 13 iyun kuni hayotdan ko‘z yumdi. U mazkur lavozimda 1999 yildan buyon ishlab kelayotgan edi.