Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazish uchun Parijda bo‘lib turibdi. BU haqda «Dunyo» AA xabar qildi.

Tashrif doirasida Jahon merosi markazi direktori Mextild Ryossler va IKOMOS Maslahat va monitoring markazi (Yodgorliklar va diqqatga sazovor maskanlarni saqlash bo‘yicha xalqaro kengash) direktori Regina Dyurigello bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Jahon merosi markazi va IKOMOS Maslahat va monitoring markazi rahbarlari bilan uchrashuv.

Aziz Abduhakimov YUNESKO bosh direktori o‘rinbosari Ernesto Ramirez bilan ham uchrashdi. Tomonlar O‘zbekiston va xalqaro tashkilot o‘rtasidagi aloqalar holati va istiqbollari, jumladan YUNESKO bilan hamkorlik bo‘yicha Mamlakat dasturini qabul qilishni muhokama qildi.

Muzokaralarda o‘zbek xalqining arxitektura va tarixiy-madaniy yodgorliklarini saqlash masalalari muhokama qilindi. 9 iyun kuni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi YUNESKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qarorni e’lon qilgani haqida xabar berildi.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari qator mamlakatlarning YUNESKO huzuridagi elchilari bilan ham uchrashdi.