Rossiyada o‘tkazilayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionatining «V» guruhidan o‘rin olgan ikkinchi uchrashuvi ham yakuniga yetdi.

Guruhning asosiy favoritlari sifatida tan olingan Portugaliya va Ispaniya terma jamoalari ilk turdanoq bir-biriga ro‘para keldi.

Bahsni hujum bilan boshlagan portugallar 4-daqiqadayoq hisobni ochdilar. Jarima maydonchasiga kirib borgan Krishtianu Ronaldu raqib himoyachilari tomonidan yiqitildi va penaltini jabrlanuvchining o‘zi aniq bajardi.

1-taym o‘rtalariga kelib Diyego Kosta hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, Ronalduning o‘zi bo‘lim oxirida yana bir bor jamoasini oldinga olib chiqdi. Bu vaziyatda ispanlar posboni De Xeaning yosh bolalarcha xatoga yo‘l qo‘yganini ta’kidlash o‘rinli.

Ikkinchi bo‘limda Diyego Kosta yana bir gol urib, hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, Nacho o‘zining aniq zarbasi bilan ispanlarni bu o‘yinda ilk bor hisobda oldinga olib chiqdi.

Bahs shu hisobda yakunlanadigandek tuyulgan bir vaziyatda, uchrashuv oxiriga borib Krishtianu Ronaldu jarima zarbasini aniq bajarib, xet-trik qayd etdi.

Portugaliya — Ispaniya 3:3 (2:1, 1:2)

Gollar: 1:0 — 4, penalti Ronaldu, 1:1 — 24 Diyego Kosta, 2:1 — 44 Ronaldu, 2:2 — 55 Diyego Kosta, 2:3 — 58 Nacho, 3:3 — 88 Ronaldu.

Portugaliya — Ruy Patrisiu, Soaresh, Pepe, Fonte, Gerreyru, Bernardu Silva (Kuarejma, 69), Moutinyu, Vilyam Karvalyu, Brunu Fernandesh (Joau Mariu, 68), Gonsalu Gedesh (Andre Silva, 80), Ronaldu.

Ispaniya — De Xea, Nacho, Pike, Ramos, Alba, Koke, Buskets, Inesta (Alkantara, 70), Silva (Vaskes, 86), Diyego Kosta (Aspas, 77), Isko.

Ogohlantirishlar: Buskets (17), Brunu Fernandesh (28).

Video