O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini muqaddas Ramazon hayiti bayrami bilan tabrikladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

«Sizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni, butun xalqimizni mehr-oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi — muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman. Bu qutlug‘ bayramda hammamiz avvalo shunday fayzli va barokatli kunlarga yetkazgani uchun Olloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz», — deyiladi mamlakat rahbari tabrigida.

«Oila, mahalla va jamiyat ahliga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ko‘makka muhtoj, ehtiyojmand kishilarga beg‘araz yordam berish, yaxshilik, sabru qanoat kabi ezgu fazilatlarni o‘zida mujassam etgan bu bayramning ma’no-mazmuni bugungi kunda O‘zbekistonda olib borilayotgan siyosatgag‘oyat uyg‘un va hamohang ekanini, o‘ylaymanki, shu saodatli damlarda har birimiz chuqur his etmoqdamiz», — dedi davlat rahbari.

Prezident ayni vaqtda muqaddas islom dinining ana shunday buyuk insonparvarlik tamoyillarini asrash, targ‘ib etish hozirgi shiddatli zamonda o‘ta dolzarb vazifaga aylanib borayotganini eslatib o‘tdi.

«Mamlakatimizda keyingi paytda bu borada ko‘p ishlar qilinayotgani sizlarga yaxshi ma’lum, albatta. Jumladan, ulug‘ allomalarimiz Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomlaridagi xalqaro ilmiy markazlar, Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etilgani shu yo‘ldagi ulkan qadamlar bo‘ldi», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

«Bugungi kunda butun insoniyat hayotiga tahdid solayotgan xavf-xatarlarga qarshi jaholatga qarshi — ma’rifat asosida kurashish, dinimiz pokligini saqlash bo‘yicha mamlakatimiz tomonidan nufuzli xalqaro minbarlardan qator amaliy tashabbuslar ilgari surilmoqda. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida „Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik“ degan nom bilan maxsus rezolyutsiya qabul qilish haqida bildirgan taklifimiz jahon miqyosida keng qo‘llab-quvvatlanmoqda», — dedi prezident.