O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktorining 1-o‘rinbosari Sobirjon Shukurov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Birinchi media-sammitida ishtirok etish maqsadida Xitoy poytaxti Pekinda bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Axborot xizmatining xabar qilishicha, 1 iyun kuni agentlik va XXR Davlat kengashi Matbuot devonxonasi o‘rtasida OAV sohasida besh yilga mo‘ljallangan anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjatda har ikki davlat OAVlari, nashriyotlari o‘rtasidagi almashinuvlar va hamkorlik, jumladan, jurnalistlar va tasvirga olish guruhlarini dolzarb mavzular bo‘yicha axborot materiallarini tayyorlash, OAV tashkilotlari, shuningdek, ularning vakolatxonalari va muxbirlik punktlarini ochish, OAV vakillari ishtirokida tanlovlar, seminarlar va simpoziumlar o‘tkazish, mamlakatlar hududida o‘tkaziladigan turli tadbirlarni yoritish singari vazifalar o‘rin olgan.

Shu kuni delegatsiyalar rahbarlarining ma’ruzalari tinglandi. Unda chiqish qilgan Sobirjon Shukurov bugungi kunda O‘zbekistonda OAV sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, O‘zbekistonda jami 1766 ta matbaa korxonasi o‘z faoliyatini olib borayotganligini, jami OAV soni 1597 tani tashkil etishini, shundan: 668 ta gazeta, 355 ta jurnal, 4 ta axborot agentligi, 69 ta telekanal, 37 ta radio 464 ta veb-sayt mavjudligini qayd etib, O‘zMAAning faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, XXRning yetakchi davlat korxonasi — «Sinxua» axborot agentligi O‘zbekiston Respublikasida o‘z muxbiri egaligini ta’kidlab, «Sin’xua» axborot agentligi bilan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Xitoy markaziy televideniyesi — SSTV bilan O‘zbekiston milliy teleradikompaniyasi, «Jenmin jibao» bilan «Xalq so‘zi», «Pravda Vostoka» nashrlari o‘rtasida o‘zaro xabar va yangilar, umuman, media mahsulotlari ayriboshlash bo‘yicha yaqin hamkorlik qilishidan har ikki tomon ham manfaatdorligini ma’lum qildi.