Toshkent metropolitenida 1 iyundan foto va video tasvirga olishga rasman ruxsat berildi. Stansiyalar va metro vagonlariga joylashtirilgan Metropolitendan foydalanish qoidalariga bu haqdagi o‘zgartish kiritildi.

«Yo‘lovchilarning huquqlari» qismida 4.2- band kiritilib, unda «Foto va video suratga olish ruxsat etiladi», deb yozilgan.

Shu bilan birgalikda «Metropolitenda quyidagilar taqiqlanadi» qismidagi foto va video suratga olishni taqiqlashni o‘z ichiga olgan 5.11-band o‘chirilgan.

Metropoliten xodimlari «Gazeta.uz"ga stansiyalar boshliqlari xodimlarga yangi qoidalar to‘g‘risida xabardor qilganini tasdiqladi. Ichki ishlar xodimlari endi tasvirga olish mumkinmi, degan savolga jilmayib: «Bemalol, bemalol», — deya javob qaytardi.

Fevral oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev turizmni rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. Unda turistlarga jamoat joylari, bino va inshootlarni hech qanday taqiqlarsiz suratga olishga ruxsat berilgan.