Poytaxtdagi «Bunyodkor» stadioni nomi Milliy etib o‘zgartirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Ayni paytda «Bunyodkor» stadionini barcha bino va inshootlari bilan Futbol assotsiatsiyasiga o‘tkazishning huquqiy masalalari ko‘rib chiqilmoqda. «Bunyodkor» futbol bo‘yicha milliy terma jamoaning o‘quv-mashg‘ulot jarayonini tashkil etish hamda sport musobaqalari va boshqa tadbirlarni o‘tkazish uchun asosiy baza bo‘lib xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, stadionni O‘FAning asosiy bazasi qilib belgilash 2018−2022 yillarda O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish dasturida ko‘zda tutilgan edi.

Professional futbol ligasining ma’lum qilishicha, «Bunyodkor» Angliya milliy termasi uy uchrashuvlarini o‘tkazuvchi «Uembli» stadionining muqobili bo‘ladi.

Stadionga allaqachon yangi Milliy yozuvi tushirilgan peshlavha ilib qo‘yilgan (O‘FAning aniqlik kiritishicha, sinov tariqasida). Tez orada stadionning to‘rt tomoniga o‘rnatib qo‘yiladigan yangi viveskalarni ishlab chiqish boshlanadi.

«Bunyodkor» klubi 2019 yil oxiriga qadar o‘z uchrashuvlarini mazkur stadionda o‘tkazadi. Shundan so‘ng, hozirda «Paxtakor» ijaraga olgan «Jar» stadioniga bo‘lgan ijara huquqi yoki uning o‘zi klubga taqdim etiladi.

«Bunyodkor» stadioni 34 ming tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘lib, 2012 yil sentyabrida ochilgan.