O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 may kuni istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. U istiqbolli boshqaruv kadrlarining tizimli asosda tanlab olinishini ta’minlash, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlari tizimida ularning kasbiy malakasini uzluksiz oshirib borishga ko‘maklashishga qaratilgan.

Hujjat bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va «Buyuk kelajak» xalqaro nodavlat notijorat tashkilotining 3 yilda bir marta istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha «Taraqqiyot» respublika tanlovini o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.

Tanlovda tayanch oliy ma’lumotga va tegishli sohada rahbarlik lavozimida kamida uch yil ish tajribasiga ega, 30 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan (45 yosh ham qo‘shilgan holda) O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etishi mumkin.

Davlat tashkilotlarida mehnat qilayotgan ishtirokchilarning tanlovda ishtirok etish davrida ularning egallab turgan lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi. Tanlov g‘oliblariga eng kam ish haqining 50 baravari miqdorida, final bosqichining qolgan ishtirokchilariga esa — eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti to‘lanadi. Bunda tanlov final bosqichining qolgan ishtirokchilari tegishli sohaning boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritiladi.

Tanlov g‘oliblari Akademiya hamda Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi bazasida tegishli sohaga oid vazirliklar, idoralar, yirik kompaniyalar rahbarlari, mahalliy va xorijiy yuqori malakali mutaxassislar hamda olimlar ishtirokida o‘tkaziladigan, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida tanlovning tegishli nominatsiyalari yuzasidan stajirovka o‘tashni o‘z ichiga oladigan «Boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha Prezident dasturi"ga muvofiq uch oylik kurslarda o‘qiydi.

Qarorda tanlov g‘oliblarini tegishli rahbarlik lavozimlariga tayinlash yuzasidan chora-tadbirlarni ko‘rish, shuningdek, boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritilgan final bosqichi ishtirokchilarining faoliyatini keyinchalik ularni xizmat bo‘yicha ko‘tarish yoki rahbarlik lavozimlariga tayinlash uchun monitoring qilish ishlari Prezident devonining umumiy muvofiqlashtiruvi ostida amalga oshirilishi belgilandi.