Samarqanddagi ruhiy rivojlanishda nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun 62-sonli maktab-internatining sobiq direktori Azamat Umarov pedagoglar va texnik xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilgani uchun ishdan bo‘shatildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

XTV qoshidagi maxsus komissiya ijtimoiy tarmoqlardagi xabarni o‘rganib, tekshiruv o‘tkazdi. Ma’lum bo‘lishicha, direktor o‘qituvchilarni obodonlashtirish bo‘yicha rejalashtirilmagan ishlarga chiqargan.

Samarqand viloyati Xalq ta’limi boshqarmasining sobiq boshlig‘i va viloyat hokimining sobiq o‘rinbosari 18 may kuni maktab direktori lavozimiga tayinlanganidan keyingi kunlar (shanba va yakshanba) o‘qituvchilarni hududni tozalashga olib chiqqan.

Direktor o‘z harakatlari bilan pedagog jamoada norozilik uyg‘otgan va muassada sog‘lom muhitni o‘rnatolmagan, deyiladi xabarda.

Aprelda prezident Shavkat Mirziyoyev majburiy mehnatga oid har bir holat favqulodda vaziyat sifatida ko‘rib chiqilishini topshirgan edi. May oyida esa Vazirlar Mahkamasining majburiy mehnatga barham berish haqidagi qarori qabul qilindi.