Bekobod prokuraturasi (Toshkent viloyati) birinchi sinf o‘quvchilari peshonasiga chizilgan «ikki"lar bo‘yicha tergov oldi tekshiruvi natijalarini e’lon qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 3 may kuni Toshkent viloyati Bekobod shahridagi 5-sonli umumta’lim maktabining boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi M.Hamdamova shu dargohda tahsil olayotgan 1-«j» sinfining to‘rt nafar o‘quvchisini uy vazifasini tayyorlab kelmaganlikda ayblab, jazo sifatida sinfdagi barcha o‘quvchilarning ko‘z o‘ngida «ikki» bahoni ruchkada ularning peshonasiga yozib qo‘ygan.

Ushbu voqeadan xabar topgan mazkur maktabning yana bir o‘qituvchisi S.Raxmonova kasbdoshi M.Hamdamovaga nisbatan bo‘lgan eski adovati sababli ertasi kuni o‘sha o‘quvchilarni o‘z huzuriga chaqirib, g‘arazli niyatda ularning peshonalariga «ikki» raqamini qaytadan yozib, shu ko‘rinishlarida ularni uyali telefon yordamida suratga olgan. Olingan suratni esa internetdagi tarmoqlarga kasbdoshi M.Hamdamova nomidan joylashtirgan. Hodisa sababli har ikki o‘qituvchi ham ishdan bo‘shatilgan.

O‘tkazilgan tekshiruv ishlari natijasida shuningdek, maktab uchun davlat tomonidan ajratilgan 21 mln. so‘m miqdoridagi pul mablag‘i mazkur ta’lim maskanining rahbarlari tomonidan talon-toroj qilinganligi ham aniqlandi.

Ushbu holat yuzasidan Bekobod shahar prokuraturasi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga binoan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi, dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda.