Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida ichimlik suvini yetkazib berish bilan bog‘liq vaziyat yomonlashdi, deya xabar qildi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nuriya Aytjanova «Gazeta.uz"ga.

Qiymati 26,6 mlrd so‘m bo‘lgan 101 kilometrlik suv quvuri iyunda ishga tushirilgan edi. Qo‘ng‘irot-Mo‘ynoq suv quvuri tarmog‘ini yotqizish tashabbusini prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning yanvarida Qoraqalpog‘istonga uyushtirgan safari vaqtida ilgari surgan edi. Avvallari aholi Amudaryodan yoki artezian quduqlaridan suv olgan.

Bir yildan kamroq vaqt ichida suv quvurida tez-tez avariyalar sodir bo‘lishi natijasida ichimlik suvini yetkazib berishda uzilishlar kuzatila boshlandi, dedi O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlik guruhi a’zosi Nuriya Aytjanova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aprelda deputatlar Mo‘ynoq tumanini o‘rganib, vaziyat haqida mahalliy hokimiyat va Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashiga xabar qilgan.

«Biz: nima uchun uzilishlar kuzatilyapti, deb so‘radik. Ular esa bunday muammo yo‘qligini aytishdi. Ularning javobi bizni qanoatlantirmadi va Vazirlar Kengashiga yozma ko‘rinishda deputatlik so‘rovi yubordik. 10 kun ichida bizga vaziyatni to‘liq tushuntirib berishlari kerak», — deya ta’kidladi u.

«Ovullarda hozircha suv yo‘q. Hammasi bosqichma-bosqich bo‘ladi, deyishayapti, lekin xalq qachon suv keladi, deb so‘rayapti. Mo‘ynoq shahrining o‘zida soat bo‘yicha — ertalab va kechqurun suv berilayapti», — dedi Nuriya Aytjanova.

U To‘g‘mo‘yindan yetkazib berilayotgan suv bosimini oshirish uchun qo‘shimcha nasoslar o‘rnatishni taklif qildi.

Deputat qator tumanlar markazlarida suv yo‘qligi aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotganini qo‘shimcha qildi.