9 may — Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xotira maydoniga tashrif buyurib, Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘ydi, deya xabar qildi prezident matbuot xizmati. Davlat rahbari Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.


Shundan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev Toshkent botanika bog‘ida o‘tkazilgan Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 73 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida qatnashdi.

Davlat rahbari bu yerda yaratilgan Ikkinchi jahon urushidagi sharoitlar, okop va blindajlar, o‘sha davr qurol-aslahalari va harbiy texnikalari ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 may — Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 73 yilligi bilan barcha faxriylarni, butun mamlakat xalqini tabrikladi.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli, estrada xonandalari ijrosida kuy-qo‘shiqlar yangradi. Urush yillari xotiralari, bugungi tinch-osoyishta hayot qadri aks ettirilgan badiiy chiqishlar namoyish etildi.