O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 may kuni mamlakatzga tashrif buyurgan Birlashgan Arab Amirliklari bosh vaziri o‘rinbosari, prezident ishlari bo‘yicha vazir Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayonni qabul qildi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar qilishicha, suhbat davomida ikki tomonlama amaliy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, mamlakatga Amirliklar investorlarini istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga keng jalb etish, ularning faoliyatini tizimli ravishda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Bu borada neft-gaz, kimyo, qurilish, qishloq xo‘jaligi, logistika, turizm, shaharsozlik va ahamiyatga molik boshqa qator sohalarda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi.

Uchrashuv chog‘ida mehmon joriy yil mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar hamda Islom hamkorlik tashkiloti doirasida bildirilgan takliflarni Amirliklar hukumati to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Shuningdek, Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon mamlakatlar o‘rtasidagi har tomonlama va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, jumladan, aniq istiqbolli investitsion loyihalarni hayotga to‘la tatbiq etishga Birlashgan Arab Amirliklari tayyor ekanini ma’lum qildi.