O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida Strategik sheriklik oliy kengashi tuziladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ommaviy axborot vositalari vakillari bilan o‘tgan brifingda ma’lum qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

«Muzokaralar xalqlar o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik an’analariga mos holda, ochiq, sermazmun va samarali bo‘ldi. Hamkorligimizning bugungi holati xolisona baholanib, uning ustuvor yo‘nalishlari va istiqboldagi vazifalari aniq belgilab olindi. Ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik sheriklik oliy kengashi tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi», — dedi O‘zbekiston prezidenti.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Islom hamkorlik tashkiloti doirasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha tomonlarning yondashuvlari o‘xshash va mushtarak ekani ta’kidlandi.

«Biz Turkiya Respublikasiga ulkan siyosiy, iqtisodiy va harbiy salohiyatga ega bo‘lgan, xalqaro maydonda obro‘-e’tibori tobora ortib borayotgan yirik davlat sifatida qaraymiz. Ota yurtingiz — O‘zbekistonning eshiklari sizlar kabi yaqin qardoshlarimiz uchun doimo ochiq», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Rejep Tayyip Erdog‘an muzokaralar o‘zaro anglashuv, manfaatdorlik va ishonch asosida o‘tganini, Turkiya va O‘zbekiston hamkorligi yanada mustahkamlanib, strategik darajaga ko‘tarilganini ta’kidladi. Ko‘lami va ahamiyati katta bo‘lgan kelishuvlarga erishilganidan, ertaga Buxorodagi muborak qadamjolarni ziyorat qilajagidan baxtiyor ekanini bildirdi.