Toshkentning Yashnabod tumani jinoiy ishlar bo‘yicha sudi 61-sonli maktabda o‘tkazilgan sayyor yig‘ilishida fuqaro O. Danilovani 18 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

O‘zbekiston FVV matbuot xizmatining xabar qilishicha, ayol o‘tgan yilning mart oyida «Aviasozlar» bozoridagi notanish sotuvchidan 3 xil turdagi 18 kg qo‘ziqorin sotib olgan. U qo‘ziqorinlarni uy sharoitida konservaladi.

12 sentyabrdan boshlab Danilova konservalangan qo‘ziqorinlarning bir qismini Oloy bozorida sotadi. Aynan shu kundan Sog‘liqni saqlash vazirligining Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish institutiga ovqatdan zaharlanish tashxisi bilan bemorlar kela boshladi. Jami 7 nafar bemor davolanish uchun kelib, ulardan bir nafari — M. Kosheleva og‘ir zaharlanishdan vafot etgan.

Jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligi va boshqa yengillashtiruvchi holatlar inobatga olinib, sudlanuvchiga nisbatan tayinlangan 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 1 yil 6 oy sinov muddatiga almashtirildi.

Favqulodda vaziyatlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari ogohlantiradi: uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlari ovqatdan zaharlanishga, hattoki o‘limga olib kelishi mumkin.