14 aprel kuni O‘zbekiston chegarachilari ikki kun muqaddam Surxondaryo viloyati Uzun tumanida davlat chegarasini kesib o‘tgani uchun qo‘lga olingan Tojikiston fuqarosini vataniga qaytarishdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlaridagi «Gazeta.uz» axborot manbasi xabar qildi.

Qo‘lga olingan shaxs 1998 yilda tug‘ilgan Begaliyev Normurod Begaliyevich bo‘lib chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, u ota-onasiz yetim bo‘lib, ruhiy kasallik alomatlari mavjud. Uning chegarani bexosdan kesib o‘tgani, O‘zbekistonda hech qanday noqonuniy xatti-harakat sodir etish niyatida emasligi aniqlandi.

Ushbu holatlar inobatga olingan holda Normurod Begaliyevga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishdan tiyilish va uni Tojikistonlik hamkasblarga topshirishga qaror qilindi.

DXX Chegara qo‘shinlari vakili 2017 yilda o‘zbek tomoni chegarani bexosdan kesib o‘tgan 25 nafar Tojikiston fuqarosi ortga qaytarilganini ma’lum qilib, bunday amaliyot ikki davlat o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik aloqalariga mos kelishini ta’kidlab o‘tdi.