Prezident Shavkat Mirziyoyev «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Ushbu sohadagi davlat siyosati «jaholatga qarshi ma’rifat» g‘oyasi asosida amalga oshiriladi.

Farmon bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tuzilmasida diniy mavzularga oid adabiyotlar, Internet va ommaviy axborot vositalari materiallarini chuqur tahlil qilish, diniy-ijtimoiy muhitning barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi Diniy-ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish axborot-tahlil markazi tashkil etilmoqda.

Hujjatda Toshkent islom universiteti negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini tashkil etish belgilandi. Ushbu akademiya Qur’on ilmlari, hadis, islom huquqi, aqida, tasavvuf, islom iqtisodiyoti va moliyasi, xalqaro munosabatlar, xorijiy tillar (arab, fors, ingliz, rus, urdu, turk va b.) va boshqa xalqaro miqyosda ehtiyoj mavjud bo‘lgan sohalar bo‘yicha kadrlarni tayyorlaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tarkibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlari mintaqaviy filiallariga ega bo‘lgan Malaka oshirish markazi tashkil etiladi. Akademiya qoshida «Ziyo» media markazi tashkil etilib, mamlakatda dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ajdodlarning islom va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan boy diniy-ilmiy merosini keng targ‘ib qilish, diniy-ma’rifiy hayotdagi yangiliklarni jamoatchilikka yetkazish uning asosiy vazifalari hisoblanadi.

Oliy diniy-ma’rifiy ta’lim muassasasi shaklidagi Hadis ilmi maktabini tashkil etish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida «Vaqf» xayriya jamoat fondi tashkil etilib, masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uning asosiy vazifalari etib belgilandi.

1 iyuldan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ishlovchi o‘qituvchi, ilmiy xodim va mutaxassislarga yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash razryadlariga ko‘ra tarif koeffitsiyentlari va bazaviy lavozim maoshlari 3 baravar (Markaz xodimlariga — 4 baravar) miqdorda qo‘llaniladi. Pensionerlarga ularning ushbu tashkilotlardagi faoliyati yagona bo‘lgan taqdirda pensiyalari to‘liq to‘lanadi.