O‘zbekistonda yanvar-mart oylarida iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20,1 foizga o‘sib, 1,548 mln so‘mni tashkil etdi, deya xabar qildi Davlat statistika qo‘mitasi.

Ushbu ish haqiga ustama, mukofot, rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar, kompensatsiya va ishlanmagan vaqt uchun haq kabi to‘lovlar kiritilgan, shuningdek uning tarkibida jismoniy shaxslar daromad solig‘i, ijtimoiy sug‘urta va kasaba uyushmasiga to‘lovlar ham mavjud.

Eng ko‘p oylik moliya va sug‘urta faoliyati sohasida — 2,774 mln so‘m (2017 yilning shu davriga nisbatan o‘sish — 28,6 foiz). Shuningdek, AKT va aloqa sohasida — 2,722 mln, sanoat sohasida — 2,315 mln, tashish va saqlash sohasida — 2,101 mln so‘m hisoblangan.

Yanvar-mart oylarida respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan moliyaviy va sug‘urta faoliyatida 79,2 foizga, axborot va aloqada 75,9 foizga, sanoatda 49,6 foizga, tashish va saqlashda 35,8 foizga yuqorini tashkil etgan bo‘lsa, aksincha sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda 33,6 foizga, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarda 25,8 foiz ga, ta’limda 20,5 foizga kamni tashkil etmoqda.


O‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi ko‘rsatkichini respublika hududlari bo‘yicha ko‘radigan bo‘lsak, ya’ni o‘rtacha oylik ish haqining yuqori miqdori Toshkent shahrida 2,1 mln so‘mni (respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan 137,6 foiz), Navoiy viloyatida 2,1 mln so‘mni (136,8 foiz) va Toshkent viloyatida 1,686 mln so‘mni (108,9 foiz) tashkil etgan bo‘lsa, Namangan viloyatida 1,223 mln so‘mni (79,0 foiz), Samarqand viloyatida 1,234 mln so‘mni (79,8 foiz) tashkil etib, boshqa hududlarga nisbatan kam miqdorga ega bo‘lmoqda.