O‘zbekistonlik 500 nafar tadbirkor bepul onlayn nazorat-kassa apparatlariga ega bo‘lishi mumkin. Ularga fiskal ma’lumotlar operatorlari xizmatlari va texnik ko‘mak ham bepul taqdim etiladi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Ushbu sinov loyihasi 1 iyulga qadar davom etadi, aprobatsiya uchun jami bo‘lib 500−1000 ta nazorat-kassa onlayn mashinalarini tarqatish rejalashtirilgan.

Toshkentda chakana savdo bilan band va nazorat-kassa mashinalaridan foydalanayotgan yuridik shaxslar sinov loyihasi ishtirokchisi bo‘lishi mumkin. Buning uchun onlinekassa.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tish va ariza qoldirish lozim.

Onlayn kassa apparatlari naqd pul tushumlarining kamayishi, xaridorlarga cheklarni bermaslik, fiskal xotirali mashinalar ma’lumotlarini o‘zgartirish, uskuna yo‘qolgan taqdirda, tovar aylanmasi haqidagi ma’lumotlarni soxtalashtirish kabi holatlarning oldini oladi.

Onlayn kassa apparatlari nafaqat savdo nuqtalaridagi tushumlarni nazorat qilish, balki hududlarda ayrim turdagi mahsulotlar narxlarini, ularning sotilish hajmlarini tahlil qilish, narxlarning sun’iy ravishda ko‘tarilishi yoki tushirilishi sabablarini o‘rganishga ham yordam beradi.