Hyundai yuk avtomobillarini ishlab chiqarish «Qo‘qon» erkin iqtisodiy zonasida yo‘lga qo‘yiladi. O‘zA xabariga ko‘ra, ushbu maqsadlarga 130 mln dollar jalb etiladi. Yangi ishlab chiqarish quvvatini tashkil etish tashabbusi Janubiy Koreyaning Evergreen Motors va Posco Daewoo kompaniyalariga tegishli.

Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyevning Seulga tashrifi doirasida O‘zbekiston va Janubiy Koreya Hyundai avtomobillarini seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga kelishib olgani xabar qilingan edi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, loyihaga kiritiluvchi dastlabki investitsiya miqdori 200 million dollarni tashkil etadi.

«Qo‘qon» erkin iqtisodiy zonasi O‘zbekiston prezidentining 12 yanvardagi farmoni bilan tashkil etilgan. Uning asosiy vazifalari qatoriga tashqi bozorlarda talab katta bo‘lgan va importning o‘rnini bosuvchi, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb etish va boshqalar kiradi.