O‘zbekiston 2012 yildan beri ilk bor Tojikistonga gaz yetkazib berishni boshladi. Shanba kuni «O‘zbekiston 24» telekanali «Axborot 24» dasturining xabar qilishicha, u «Muzrobod-Dushanbe» magistral gaz quvuri orqali yetkazib berilmoqda.

«Bugun xalqimiz uchun quvonchli kun. Tabiiy gaz yetkazib berilishi boshlandi. Bu ikki davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuv sharofati bilan amalga oshdi. Ishlar [yetkazib berishni qayta boshlash bo‘yicha] qisqa muddatlarda bajarildi», — dedi «Tojiktransgaz» kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Shavkat Shoimov dasturga bergan intervyusida.

Yetkazib berilayotgan gaz Tojikistonning Tursunzoda tumanini to‘liq ta’minlaydi. Gaz Tojikistonga «uylarni isitish va ishlab chiqarish korxonalari samaradorligini oshirish uchun» zarur, deyiladi lavhada. Tursunzodada Tojikiston alyuminiy kompaniyasi (TALKO) joylashgan.

Ayni paytda Tojikistonga o‘tkazuvchanlik xususiyati kuniga 125 ming kub metr bo‘lgan «Muzrobod-Dushanbe» gaz quvurining ikki tarmog‘i orqali gaz yetkazib berilmoqda. Yaqin istiqbolda chegaradosh hududlarni ta’minlash qamrovini oshirish rejalashtirilmoqda.

Tojikistonga tabiiy gaz eksporti bo‘yicha shartnoma O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mart oyida qo‘shni mamlakatga qilgan safari vaqtida imzolangan. Joriy yil shartnomasida umumiy narxi 15,1 mln dollarlik 126 million kub metr gaz yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.