O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 aprel kuni mamlakatda ijodiy muhitni yanada yaxshilashga qaratilgan «O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

«O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, uning Nizomi va tarkibiy tuzilmasi bugungi shiddatli davr talablariga to‘la javob bermayapti. Bozor iqtisodiyoti va globallashuv jarayonlari bilan bog‘liq hozirgi murakkab sharoitda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolarining hayotiy manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat taraqqiyoti uchun beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan mashaqqatli ijodiy mehnatini munosib qadrlash, adabiyot va san’at sohasini har tomonlama rivojlantirish, badiiy ijod ahlining jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, iste’dodli yosh ijodkorlarni tizimli asosda tarbiyalash va boshqa o‘ta muhim yo‘nalishlarda oqsoqlikka yo‘l qo‘yilmoqda», — deyiladi qarorda.

Qarorda o‘zbek tilidagi Internet adabiyotini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish belgilandi.

Tegishli vazirlik va idoralarga ijodkorlarning mualliflik huquqlarini himoya qilish, mulk shaklidan qat’i nazar, barcha ommaviy axborot vositalari, jumladan, elektron OAV, nashriyotlar tomonidan mualliflik gonorari to‘lashni qonuniy asosda ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqish topshirildi.

Shuningdek, qaror bilan kitob savdosi tizimi takomillashtiriladi, yangi nashr etilgan asarlarning barcha hududlardagi o‘quvchilarga o‘z vaqtida yetib borishi ta’minlanadi, byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari ishlab topilgan mablag‘lari, shuningdek, korxona va tashkilotlar, xo‘jalik birlashmalarining o‘z mablag‘lari hisobidan ushbu kitoblarning sotib olishini ta’minlanadi.

Hujjatda Toshkent shahrida imtiyozli ipoteka krediti asosida 110 ta kvartirali uy-joy qurish ishlari boshlangani ma’lumot uchun qabul qilindi.

Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi hamda viloyatlar hokimliklariga 2018−2021 yillarda hududlarda yashab faol ijod qilayotgan, uy-joyga muhtoj uyushma a’zolari uchun imtiyozli ipoteka krediti asosida uy-joylar ajratish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqish, uy-joylarni taqsimlashda qonuniylik va adolat mezonlariga qat’iy amal qilishga alohida e’tibor qaratish vazifasi topshirildi.

Yoo‘zuvchilar uyushmasi muassisligida nashr etiladigan «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, «Sharq yulduzi» — «Zvezda Vostoka», «Jahon adabiyoti», «Yoshlik», «Amudaryo» jurnallari tahririyatlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash belgilandi. Ushbu nashrlarni qog‘oz bilan ta’minlash, bosmaxona xarajatlarini qoplash va ularning obunasiga ko‘maklashish uchun «Ijod» jamoat fondi tomonidan qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi va «AKFA» MCHJ, «Sharq yulduzi"-«Zvezda Vostoka» jurnallari va «IMZO» MCHJ, «Jahon adabiyoti» jurnali va «Delta-Qurmah» MCHJ, «Yoshlik» jurnali va «Universal Pasking Masters» MCHJ, «Amudaryo» jurnali va «O‘zqurilishmateriallari» AJ o‘rtasida «Do‘stlar klublari» tuzilib, shartnoma asosida doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida Oliy adabiyot kursi tashkil etiladi. 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Oliy adabiyot kursiga bakalavr darajasiga ega bo‘lgan va adabiyot sohasida o‘z ijodiy qobiliyatini namoyon etgan ijodkorlar tanlov asosida qabul qilinadi. Oliy adabiyot kursiga yillik qabul kvotalarining 40 foizi byudjet va 60 foizi to‘lov-kontrakt bo‘yicha shakllantiriladi.