«Aqlli shahar» konsepsiyasi bo‘yicha Toshkent viloyati ma’muriy markazi qurilishi uchun 246,2 ga yer maydoni ajratiladi, deya xabar qildi Adliya vazirligi rasmiy telegram-kanalida.

26 martda qabul qilingan shu haqdagi hukumat qaroriga muvofiq, Nurafshon shahri hokimligi huzurida davlat unitar korxonasi shaklidagi Toshkent viloyati ma’muriy markazini qurish direksiyasi tashkil etildi. Direksiya «Aqlli shahar» konsepsiyasi bo‘yicha Nurafshon shahrida Toshkent viloyati ma’muriy markazi qurish" investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida buyurtmachi funksiyasini amalga oshiradi.

Toshkent viloyati hokimligiga Direksiya buyurtmasiga binoan bir oy muddatda Toshkent viloyati ma’muriy markazi qurilishi uchun 246,2 gektar yer uchastkasi, shu jumladan «Konchi» massivi hududida — 113 gektar va «Yangi turmush» massivi hududida — 133,2 gektar yer uchastkasi ajratish vazifasi yuklandi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga Nurafshon shahrining telekommunikatsiya tarmoqlari va tizimlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy optik-tolali tarmoqlarni o‘tkazish chora-tadbirlarini ko‘rish topshirildi.