O‘zbekistonda iqtisodiy sudlarga murojaat qilish, ularni sudda ko‘rib chiqishda ishtirok etish bilan bog‘liq muhim qoidalar aks etgan «Iqtisodiy sudlarga murojaat qilish tartibi» amaliy qo‘llanmasi tayyorlandi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur qo‘llanma Iqtisodiy protsessual kodeksi hamda sud faoliyati bilan bevosita bog‘liq boshqa protsessual qonun hujjatlari mazmun-mohiyatini kengroq tushuntirish maqsadida O‘zbekiston Oliy sudi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining «O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik» qo‘shma loyihasi doirasida tayyorlandi.

Qo‘llanma sudyalar, sud xodimlari, advokatlar, huquqshunos sohasidagi boshqa mutaxassislar, talabalar va iqtisodiy protsessual huquq institutiga qiziquvchi keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan, deyiladi xabarda.

Mazkur kitobda iqtisodiyot sohasida fuqarolar, tashkilotlar, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘riladigan nizolarning turlari, sudga ariza yoki da’vo arizasi bilan murojaat qilishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar, sud qaroridan norozi bo‘lgan tarafning ushbu qaror ustidan shikoyat qilish huquqi, undan qonuniy foydalanishga oid qonuniy tartib-qoidalar, sud qarorlarining ijro etilishi bilan bog‘liq va boshqa shu kabi muhim masalalar oddiy tilda, sharhlar, jadvallar va izohlar orqali yoritib berildi.

Mazkur amaliy qo‘llanmaning elektron shakli Oliy sud rasmiy veb-saytida joylashtirilgan.