Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yashnobod tuman sudi tomonidan D. Dodomatova va F. Avezovga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga.

Dastlabki tergov organi ushbu fuqarolarni 2017 yil aprelida Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek qo‘rg‘oni 16-uyning oldidagi 2 tup chinor daraxtini tegishli ruxsatsiz kesib, o‘simliklar dunyosiga ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazganlik hamda yana 1 tup daraxtni kesishga harakat qilganlikda aybladi. Ayblovga Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining 2017 yil 20 dekabrdagi 2 dona chinor daraxtini noqonuniy kesish oqibatida 38.4 mln so‘mlik moddiy zarar yetkazilgani, agarda yana 1 dona chinor daraxti kesilganda, bu zarar miqdori 14.8 mln so‘mga ko‘payishi mumkin bo‘lgani haqidagi ma’lumoti asos bo‘lgan.

Sudlanuvchi D. Dodomatova uy boshlig‘i bo‘lgani uchun F. Avezov unga murojaat qilgani, 2 ta chinor o‘sib, kanalizatsiya quvurini ko‘tarib yuborgani uchun rozi bo‘lgani, evaziga olingan 500 ming so‘m pul esa mahallada Navro‘z bayramida halim tayyorlash uchun ishlatilgani, hozirda afsusda ekanliklarini ko‘rsatishgan.

Ammo har ikkisi 16-uy 1-yo‘lagining ro‘parasidagi chinor daraxtini kesmoqchi bo‘lganlikda asossiz ayblashayotgani, ushbu daraxtni hech kim kesishga harakat ham qilmagani, undagi iz esa bir necha yil avval kir yoyish maqsadida dor qilish uchun temir sim bog‘langani oqibatida hosil bo‘lganini aytishdi.

Sudlanuvchilarning vajlarini tekshirish maqsadida sud ishni sayyor sud tartibida joyga chiqib, atroflicha o‘rgandi va ushbu daraxt kesilmagani, tergov organi tomonidan bu ayb taxminlarga asoslangan holda e’lon qilingani aniqlandi.

Natijada qonunga zid ravishda 2 ta daraxtni kesishdan yetkazilgan 38.4 mln so‘mlik moddiy zarar summasi ko‘p miqdor bo‘lmasligi sababli JK 198-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyat tarkibini tashkil etmasligi qayd etildi. 2018 yil 12 yanvar kuni sud barcha dalillarni to‘la va xolisona tekshirib, sudlanuvchilarni aybsiz deb oqlash hamda reabilitatsiya qilish haqida hukm chiqardi.

Shu bilan birga, sud D. Dodometova va F. Avezovni ma’muriy javobgarlikka tortish hamda yetkazilgan moddiy zararni undirish uchun tegishli hujjatlarni Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga yuborish to‘g‘risida hukm chiqardi.