Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston hukumati bilan Tojikiston hukumati o‘rtasida fuqarolarning o‘zaro kelib ketishlari to‘g‘risidagi bitimning qo‘llanishi yuzasidan izohni e’lon qildi.

Ikki davlat fuqarolarining 30 kungacha vizasiz o‘zaro safar qilishlari mumkinligini ko‘zda tutuvchi hujjat 9 mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega davlat tashrifi jarayonida imzolangan edi.

Bitim qo‘llanishi uchun tomonlarning ichki tartib-qoidalari (tasdiqlash / ratifikatsiya qilish) yakunlanishi kerak, deyiladi xabarda. Shartnoma kuchga kirish sanasi qo‘shimcha ravishda e’lon qilinadi.

«O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Tojikiston tomoni bilan birgalikda tegishli tartiblarni tezda joriy etish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiradi», — deya qayd etiladi xabarda.