6 mart kuni nafaqat buyrak yetishmovchiligi, balki qandli diabetning og‘ir shakli bilan ham kasallangan bemorga buyrak ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlandi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Qoraqalpog‘istonning Shumanay tumanida istiqomat qiluvchi 55 yoshli bemor Bekbergan Qo‘chqorovga buyrak transplantatsiyasi Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amalga oshirildi.

«Buyrak transplantatsiyasining o‘zi katta javobgarlik yuklaydi. Agarda bemor o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bilan birgalikda qandli diabetdan ham aziyat cheksa, bunday amaliyotni o‘tkazish yanada murakkablashadi», — dedi markazning yurak-tomir va buyrak transplantatsiyasi bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Fazliddin Bahriddinov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qandli diabetga chalingan bemor venalarining torayishi operatsiya vaqtida katta muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun bu kabi murakkab jarayonlar uchun malakali mutaxassislardan iborat jamoa va yuqori texnologiyali sharoitlar talab qilinadi.

Ayni paytda Bekbergan Qo‘chqorov va uning 46 yoshli donor ukasi Shimbergen Qo‘chqorovning ahvoli yaxshi. Ular shifokorlar nazorati ostida.

Hozirda olimlar va shifokorlar tana a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha operatsiyalarni takomillashtirish va va yurak transplantatsiyasini yo‘lga qo‘yish ustida ish olib bormoqda.

Vazirlik xabarida qayd etilishicha, qisqa muddat ichida Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 30 dan ortiq bemorlarga qarindosh donorlardan buyraklar transplantatsiya qilindi.