Xitoyning Shandun provinsiyasida joylashgan Sindao shahrida 28 fevral kuni O‘zbekiston vakolatxonasining ochilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi mamlakatning XXRdagi elchixonasi. Marosimda O‘zbekiston elchisi Baxtiyor Saidov ishtirok etdi.

Xitoyning 19 ta provinsiyasini qamrab oluvchi vakolatxonaning asosiy vazifasi mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek o‘zaro turistlar oqimini oshirishdan iborat.

Idorada faoliyat ko‘rsatuvchi viza markazi sharofati bilan O‘zbekistonga tashrif buyurishga qiziqish bildirgan Xitoy fuqarolari uchun vizani rasmiylashtirish soddalashadi.

Ta’lim sohasi vakolatxona faoliyati yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. SICAS (StudyinChinaAdmissionSystem) hukumat dasturi Xitoyda ta’lim olishga qiziqish bildirgan O‘zbekiston yoshlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni ochadi.

Sindaodagi vakolatxona ochilgan kuni O‘zbekiston va Xitoy biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda XXRning 20 dan ortiq kompaniyasi ishtirok etdi.