1999 yilda qamalgan Jurnalist Yusubbay Ro‘zimurodov (Yusuf Ro‘zimurodov) ozodlikka chiqdi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

1999 yil 18 avgustda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi tomonidan Yusubbay Ro‘zimurodov Jinoyat kodeksining 158 (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish), 159 (O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va 242- (Jinoiy uyushma tashkil etish) moddalari bo‘yicha 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

2014 yil 29 martda jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi tomonidan Yusubbay Ro‘zimurodov JK JK 221-modda 2-qism «b» bandiga ko‘ra (jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysinmaslik) 60-modda (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) 3 yil 6 oy 26 kunga ozodlikdan mahrum etilgan.

2017 yil 8 sentyabrda Toshkent viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudi tomonidan Yusubbay Ro‘zimurodov JK 221-modda 2-qism «b» bandiga ko‘ra (jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysinmaslik) 60-modda (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) 3 yil 10 kunga ozodlikdan mahrum etilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi tomonidan 2017 yil 14 dekabrda belgilangan apellyatsiya instansiyasida yuqoridagi jazo o‘zgarishsiz qoldirildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oliy sudning sud hay’ati ajrimi bilan Bo‘stonliq sudining 2017 8 sentyabrdagi va Toshkent viloyat sudining 2017 yil 14 dekabrdagi apellyatsion instansiyasi ajrimi o‘zgartirildi. JKning 57 (Yengilroq jazo tayinlash) va 60-moddasi qo‘llanilgan holda Yusubbay Ro‘zimurodovga 7 oy 15 kun muddatga ozodlikdan mahrum etish ko‘rinishidagi jazo belgilandi.

Yusubbay Ro‘zimurodov belgilangan jazolarni o‘tagani munosabati bilan jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilindi.

AQSHning Toshkentdagi elchixonasi Yusuf Ro‘zimurodov va Isroil Xoldorovning (uning ozod etilgani haqida «Gazeta.uz avvalroq xabar bergan edi) ozod etilishini olqishladi.

«Biz ozodlikka chiqqan mahbuslarga adolat, sog‘liqni qayta tiklash va yangi kuchlar tilaymiz», — deyiladi elchixona bayonotida.