O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidentidan joriy yil 26−27 mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyaga oid maktub keldi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

AQSH Prezidenti O‘zbekiston Prezidentining Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya ta’rifi bayon etilgan maktubini olganidan mamnun bo‘lganini qayd etdi.

Maktubda AQSHning Janubiy Osiyodagi strategiyasi mintaqa mamlakatlarini Afg‘onistondagi nizoni tartibga solish va vaziyatni barqarorlashtirish uchun birdek mas’uliyat his qilishga undashi ta’kidlangan.

Donald Tramp O‘zbekiston Prezidentining mintaqaviy yondashuvga doir tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi, bu esa o‘z navbatida vaziyatni tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilish uchun sharoit yaratishi, iqtisodiyot, jumladan, Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini rivojlantirishini qayd etdi.

Shuningdek, maktubda bunday deyilgan: «Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlaringiz katta muvaffaqiyatlar keltirdi. O‘tgan yili noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan konferensiya butun Markaziy Osiyo bo‘ylab istiqbolli hamkorlik muhitini yaratdi, dekabr oyidagi Prezident Ashraf G‘ani bilan uchrashuvingiz esa mustahkam hamkorlik va taraqqiyotga zamin hozirlab berdi».

«Sizning Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazishga doir tashabbusingizni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman, shunday ekan, ushbu format afg‘onistonliklar boshchilik qilayotgan Kobul jarayoni bilan muvofiqlashtirilishini ta’minlash uchun biz hamkorlikda astoydil ishlashimiz zarur. Oq uy ma’muriyati Toshkentdagi konferensiyada ishtirok etuvchi AQSH delegatsiyasi tarkibini ko‘rib chiqmoqda», — deya yozadi AQSH Prezidenti.

Donald Tramp Shavkat Mirziyoyevga Afg‘onistondagi birgalikdagi sa’y-harakatlarga qo‘shayotgan ulkan hissangiz uchun minnatdorlik izhor etdi va O‘zbekiston xalqiga salom yo‘llab, ezgu tilaklarni yo‘llashni so‘radi.

«Yaqin orada Siz bilan uchrashishni intizorlik bilan kutib qolaman», — deya o‘z so‘zini yakunlaydi AQSH Prezidenti.