Jahonga taniqli daniyalik arxitektor Yan Geyl Toshkentni obodonlashtirish bo‘yicha master-plan tayyorlaydi. Bu haqda investitsiyalar, innovatsiyalar va turizmni rivojlantirish bo‘yicha poytaxt hokimi o‘rinbosari Alisher Tillayev Xalqaro press-klub jarayonida «Gazeta.uz"ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Jamoat joylarini rejalashtirish va shaharlarda hayot sifatini yaxshilash bo‘yicha ekspert Toshkent ma’muriyatiga poytaxtning 11 tumanidan sakkiztasida yashil zonalarni loyihalashtirish va ularni piyodalar uchun qulay qilishda yordamlashadi.

«Bizning ko‘chalar haydovchilar uchun qulay qilib qurilgan, biroq piyodalar uchun juda kam qulayliklar mavjud», — deya tan oldi Alisher Tillayev.

Toshkent hokimiyati va Yan Geyl jamoasi bilan hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvga arxitektorning o‘tgan yili poytaxtga tashrifi yakunlari bo‘yicha shahar hokimi Rahmonbek Usmonov bilan uchrashganda erishilgan edi.

Alisher Tillayev.

«Yan Geylning o‘tgan yilgi master-klassi natijalari bo‘yicha biz shahar qiyofasini qayta o‘zgartirish bo‘yicha hamkorlikda ishlashga kelishganmiz. Biz texnik topshiriqlarni imzoladik, shartnoma ustida ishlayapmiz», — dedi hokim o‘rinbosari.

Shartnomaning umumiy qiymati 395 ming yevroni tashkil etadi. Loyihani amalga oshirish muddati — 12 oy.

Hokim o‘rinbosari shaharda daraxtlarni noto‘g‘ri kesish muammosi mavjudligini tan oldi. Normativ hujjatlar bor, biroq daraxtlarni shaklga keltirib kesishning aniq qoidalari mavjud emas. «O‘zstandart» bilan daraxtlar yozda ham, qishda ham chiroyli shaklda bo‘lishi uchun ularni to‘g‘ri kesish tartiblarini ishlab chiqishga harakat qilayapmiz", — dedi u.

O‘zining 50 yillik faoliyati davomida professor Yan Geyl shaharlarda odamlar uchun jozibador va qulay muhitni yaratishga ta’sir ko‘rsatdi. U Nyu-York, Kopengagen, Sidney, London, Melbrun va boshqa shaharlarda ko‘chalar va jamoat joylarini qayta qurishdagi xizmatlari uchun ko‘plab mukofotlarga loyiq ko‘rilgan. Uning muallifligidagi oltita kitob, jumladan «Odamlar uchun shahar» asari 35 tilga tarjima qilingan.

Yan Geylning O‘zbekiston poytaxti haqidagi fikrlari va Toshkentni «odamlar uchun shahar"ga aylantirish bo‘yicha tavsiyalarini «Gazeta.uz"da avval e’lon qilingan materiallarida o‘qishingiz mumkin (havolalar quyida).

«Yo‘llar emas, ko‘chalar qurish kerak» — Yan Geyl

«Sizlar asfaltdan juda ko‘p foydalanasizlar» — Yan Geyl Toshkent haqida