Gruziya O‘zbekistonga mamlakat bo‘ylab barcha turdagi yuklarni tashish narxlariga 50 foizlik chegirma joriy etdi. Bu haqda tomonlar O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi delegatsiyasining 22−23 fevral kunlari Gruziyaga tashrifi jarayonida kelishuvga erishdi. Delegatsiyaga tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Sohib Soifnazarov boshchilik qildi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

"Gruziya temir yo‘llari" kompaniyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar natijalariga ko‘ra, temir yo‘l transporti, xalqaro transport yo‘laklaridan samarali foydalanish, har ikki mamlakat temir yo‘llari bo‘ylab tashiluvchi tranzit yuklari hajmini oshirish sohasida hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston ishchi guruhi Gruziya Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Tbilisi meriyasida avtomobil va qishloq xo‘jaligi texnikalari safini namoyish etdi. Gruziya tomoni munitsipial ehtiyojlar uchun avtobus texnikasi hamda qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun kichik mexanizatsiya vositalarini yetkazib berish bo‘yicha tenderlarda o‘zbek mashinasozlarini ishtirok etishga taklif qildi.