O‘zbekistonda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligini tashkil etish taklif qilinmoqda. Ushbu agentlik iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida yagona vakolatli organ bo‘lishi mumkin. Taklif Prezidentning Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan «Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va biznes yuritish sharoitlarini yaxshilashni qo‘llab-quvvatlash tizimlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon loyihasidan o‘rin olgan.

Agentlikka jumladan davlat organlarining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalalariga oid vazifalari va shtat birliklarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Xususan:

  • Korxonalarni xususiylashtirish va raqobatni rivojlantirishga ko‘maklashish davlat qo‘mitasining — xo‘jalik sub’ektlarining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi bo‘yicha;
  • Davlat soliq qo‘mitasining — savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya etilishini tekshirishni amalga oshirish bo‘yicha;
  • O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining — poligrafiya sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishni amalga oshirish bo‘yicha vazifalari yangi agentlikka o‘tkaziladi.

Qo‘shimcha ravishda «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahriri loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.