O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi milliy terma jamoaning bosh murabbiyi bilan kelishuvga erishdi, biroq uning ismi iyulga qadar sir bo‘lib qoladi, deya xabar qildi O‘FA matbuot xizmati.

Payshanba kuni FAU prezidentining birinchi o‘rinbosari Umid Ahmadjonov futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining bo‘lg‘usi murabbiyi bilan muzokaralarni yakunlash uchun Dubayga (BAA) yo‘l oldi.

«O‘zbekiston terma jamoasining yangi bosh murabbiyi xorijlik kuchli mutaxassis, jahon futbolidagi top murabbiy bo‘ladi. Ayni paytda u o‘z terma jamoasini Rossiyada o‘tkaziladigan jahon chempionatiga tayyorlamoqda», — deyiladi xabarda.

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) qoidalariga muvofiq, xar bir murabbiy yoki futbolchi shartnomasi tugashiga 6 oy qolganida yangi takliflarni ko‘rib chiqishga va muzokaralar o‘tkazishga haqli.

«Yangi bosh murabbiy bilan terma jamoamiz masalasida yakuniy kelishuvga erishildi. Biroq u ayni paytda o‘z shogirdlarini iyun oyida boshlanadigan mundialga tayyorlayotgani sababli, jahon chempionati yakuniga qadar nomi hozircha e’lon qilinmasligini so‘radi. O‘zining bu iltimosini mutaxassis jahon chempionati oldidan uning shogirdlari kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi bilan izohladi. Umid Ahmadjonov yangi bosh murabbiyning bu iltimosini qabul qildi va iyul oyiga qadar uning nomi futbol jamoatchiligiga e’lon qilinmasligiga va’da berdi» — deya qayd etdi O‘FA.

Yangi murabbiy JCH-2018 yakuniga yetganidan so‘ng majburiyatini bajarishga kirishadi. Unga qadar milliy terma jamoa O‘FA huzurida yangi tashkil etilgan Murabbiylar kengashi rahbarligi ostida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va belgilangan o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazadi.

«Shunisi aniqki, yurtimiz futbol muxlislari milliy terma jamoamizning yangi bosh murabbiyini juda yaxshi bilishadi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyatining bu tanlovidan benihoya xursand bo‘lishadi», — deyiladi murojaatda.

Yangi bosh murabbiy oldiga Osiyo kubogi-2019 da muvaffaqiyatli ishtirok etish va terma jamoani 2022 yilda Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga olib chiqish vazifasi qo‘yiladi.

Avvalroq «Gazeta.uz"ning O‘FAdagi axborot manbasi Eron termasi bosh murabbiyi 64 yoshli portugaliyalik Karlush Keyrush bilan muzokaralarga erishgani to‘g‘risida ma’lum qilgan edi.