2017 yilda O‘zbekistonda 73,7 mingta jinoyat ro‘yxatga olingan bo‘lib, avvalgi yilga nisbatan 13 ming 720 taga yoki 15,7 foizga kamayishga erishildi. Bu haqda ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qildi.

IIV ma’lumotlariga ko‘ra, qotillik 22, qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazish 7,1, nomusga tegish 21,8, bosqinchilik 22,8, talonchilik 21, o‘g‘irlik 6,6, firibgarlik 5,7, bezorilik 37,9, transport vositalarini olib qochish 6,2 foizga kamaydi.

Po‘lat Bobojonovning qayd etishicha, o‘tgan yil davomida respublikadagi mavjud 8973 mahallaning 1079 tasida umuman jinoyat sodir etilmadi.

Ro‘yxatga olingan jinoyatlarning 9,5 mingdan ortig‘i xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, tarbiyasi og‘ir, ish va o‘qishga joylashmagan yoshlar tomonidan 26,6 mingta jinoyatga qo‘l urilgan. Bunda, maktab o‘quvchilari, akademik litseylar va kasb-hunar kolleji o‘quvchilari tomonidan 1,5 mingdan ziyod jinoyat sodir etilgan.

IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasidagi Narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash boshqarmasi va uning joylardagi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida 2017 yilda narkotik moddalar bilan bog‘liq 4806 jinoyatni 4 mingdan ortiq shaxs sodir qilganligi aniqlandi. Ulardan bir tonnadan ortiq turli xildagi narkotik moddalar olindi. Tarkibida narkotik moddalar bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish bilan bog‘liq 895 holat aniqlandi. Yoshlar orasida «yengil narkotik» sifatida ommalashgan, inson ruhiyati va salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi psixofaol tibbiy preparatlarni noqonuniy sotish bilan shug‘ullangan 310 shaxs ushlandi.Ulardan 62,5 ming dona dori vositalari olindi. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda uning joylardagi tizimlari tomonidan 2017 yil mobaynida korrupsiya va iqtisod sohasida sodir etilgan hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyati tartibiga qarshi jinoyatlardan 1426 tasi aniqlandi. Mazkur jinoyatlarning 171 tasi poraxo‘rlik, 109 tasi tovlamachilik, 517 tasi firibgarlik, 125 tasi valyuta bilan bog‘liq qoidalarni buzish, 19 tasi qalbaki pul yasash, 190 tasi talon-torojlik hamda 295 tasi boshqa turdagi holatlardir.

Tezkor-qidiruv chora-tadbirlari natijasida 407 guruh tomonidan sodir etilgan jinoyatlar fosh etilib, jinoyat sodir etgan ikki mingdan ortiq shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi. Jinoyatlar natijasida yetkazilgan 45 milliard so‘mlik zarar undirildi.

Po‘lat Bobojonov ichki ishlar organlari o‘z saflarini «o‘z manfaatini davlat va xalq manfatlaridan ustun qo‘yadigan xodimlar"dan tozalash o‘tkazayotganini ham ta’kidladi. 2017 yilda xizmat intizomini buzganligi uchun 8 ming 32 nafar xodim intizomiy jazoga tortildi. Shundan 230 nafari turli jinoyatlarni sodir qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi.