Mirzo Ulugbek Innovation Center innovatsion markazi qoshida Taqsimlangan reyestr (blokcheyn) texnologiyalar bo‘yicha vakolatli markaz tashkil etiladi. Bu O‘zbekiston Prezidentining 19 fevraldagi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Markazni ochishdan maqsad — blokcheyn texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalanish uchun sharoitlar yaratish, kadrlar salohiyatini oshirish va mazkur texnologiyani o‘zlashtirish uchun milliy dasturchilarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

AKT vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik hamda mahkamalarga 1 iyunga qadar markazni tashkil etish bo‘yicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirildi.

Blokcheyn (blockchain, «bloklar zanjiri») — bir-biri bilan internet orqali ulangan ko‘plab kompyuterlarda bir vaqtda saqlanuvchi ma’lumotlar bazasi hisoblanadi. Texnologiya muhim ma’lumotlar, masalan elektron tranzaksiyalar va yuridik hujjatlarni saqlash uchun yaratilgan. Blokcheynning asosi sifati — markazlashmagani.