6 fevral kuni futbol bo‘yicha jahon chempionati kubogi Toshkentga olib kelindi. O‘zbekiston ilk bor JCH rasmiy kubogining jahon turnesi — FIFA World Cup Trophy Tour marshrutiga kiritildi.Foto: UzReport TV.

Xalqaro tur 2017 yilning sentyabrida Moskvaning «Lujniki» stadionida boshlanib, dekabrgacha Rossiya shaharlari bo‘ylab olib o‘tildi. Yanvar oxirida esa kubok dunyoning 50 dan ziyod mamlakatlari bo‘yicha sayohatini boshladi va tur yakunida yana Rossiyaga qaytariladi.

To‘qqiz oy davomida kubok olti qit’adagi 91 shaharga tashrif buyurib, 126 ming kilometrni bosib o‘tadi. Bu yilgi turda Avstriya, Islandiya, Mo‘g‘iliston va O‘zbekiston uni ilk bor qabul qilib oladi.

Kristian Karambyo (o‘ngda). Foto: O‘FA.

Kubokni Toshkentdagi «sayohati"da dunyo futboli afsonasi, jahon va Yevropa chempioni, ikki karra YeUFA Chempionlar ligasi g‘olibi, Fransiya termasining taniqli yarim himoyachisi Kristian Karambyo hamrohlik qiladi.

Ayni paytda kubok «O‘zbekiston» sport majmuasida ommaga namoyish etilmoqda. Kubok poytaxtda bir kun bo‘ladi.

Jahon futbol kubogi Italiyaning oilaviy GDE Bertoni Srl kompaniyasi tomonidan 1974 yilgi chempionatga bag‘ishlab tayyorlangan bo‘lib, balandligi 36 sm, vazni 6,18 kg. Uning 5 kilogrami toza oltindan. Mukofotga faqatgina chempionatlar g‘oliblari va davlatlar rahbarlari qo‘l tekkizish huquqiga ega.

Futbol assotsiatsiyachining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov matbuot anjumanida jahon turnesiga ilk bor O‘zbekistonning kiritilishini mamlakat uchun tarixiy hodisa deb atadi. U kelgusida kubokni O‘zbekiston futbolchilari mamlakatga olib kelishlariga umid bildirdi.

4 fevral kuni jahon kubogi Olmaotaga, 5 fevralda Bishkekka va Dushanbega borgan bo‘lsa, 7 fevralda esa Ashxobodga yetkaziladi.