Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi, tuman IIBlar Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari hamda 70 ta shahar ichki bo‘limlari tomonidan 5−11 fevral kunlari bir qator xizmatlarni ko‘rsatish vaqtincha to‘xtatib turiladi. IIBB saytida xabar qilinishicha, bu O‘zbekiston IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining ko‘chishi bilan bog‘liq.

Bosh boshqarmaning yangi manzili: Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli 1-berk ko‘chasi, 5-uy. Eski bino Tashkent City xalqaro ishbilarmonlik markazi qurilishi munosabati bilan buzilmoqda.

Quyidagi xizmatlarni ko‘rsatish vaqtincha to‘xtatiladi:

  • O‘zbekiston fuqarosining biometrik pasporti hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning xorijga chiqish hujjatini rasmiylashtirish yuzasidan hujjatlarni qabul qilish va elektron talabnoma shakllantirish;
  • jismoniy shaxslarga shaxsiy identifikatsiya raqamini biriktirish yuzasidan hujjatlarni qabul qilish va elektron talabnoma shakllantirish;
  • O‘zbekiston fuqarolariga chet elga chiqish ruxsat yozuvi stikerini rasmiylashtirish;
  • chel el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekistonda yashash guvohnomasini rasmiylashtirish;
  • chet el fuqarolarini O‘zbekistonga taklif qilish yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish;
  • O‘zbekiston fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga olish to‘g‘risida qayd varag‘ini rasmiylashtirish.